Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda banklarning ishtirokiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.
So‘nggi 5 yilda banklarning kapitali 2 barobarga, kredit portfeli 2,3 barobarga hamda yillik kredit ajratish hajmi 1,8 barobarga ko‘paydi.
To‘rtta bank ilk bor yevrobond chiqarib, chetdan $1,3 mlrd resurs jalb etdi. O‘tgan yili banklar $3,8 mlrdlik hamda ularning mijozlari hukumat kafolatisiz $6 mlrdlik xorijiy kreditlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelgan.
Joriy yilda “O‘zmilliybank” tomonidan $6 mlrdlik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Zargarlik tarmog‘ida 2,1 trln so‘mlik 526ta, xizmatlar sohasida 41,8 trln so‘mlik kreditlar hisobidan 40 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirish va 2,5 mln nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
“O‘zsanoatqurilishbank” bu yil xalqaro moliya bozorlaridan $3,1 mlrdlik mablag‘ jalb etishni maqsad qilgan. Bank mijozlari bilan umumiy qiymati $4,8 mlrdlik investitsiya loyihalariga kirishilgan.
Bank tomonidan qurilish materiallari sohasida 2024−2025 yillarda 529ta loyiha doirasida $2,8 mlrdlik xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, “O‘zmilliybank” 967ta, “O‘zsanoatqurilishbank” esa 727ta mahallada ishsiz aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. Banklar quyi bo‘g‘inga tushib ishlayotgani uchun ko‘plab biznes tuzilmalar “soya"dan chiqmoqda.
Taqdimotda mijozlarning investitsiya loyihalarini tizimli monitoring qilib, muammolarni tezkorlik bilan hal etib borish zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlarga tuman darajasidan respublika miqyosigacha har tomonlama yordam berish, ularning moliyaviy bilimlarini oshirish va innovatsiyalar bilan tanishtirish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq Markaziy bank 9ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, 16ta bank va 2ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.