BAAning “Masdar” kompaniyasi Buxoroda quyosh elektr stansiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimini quradi. Bu haqda Jahon banki matbout xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Kompaniyasi bilan O‘zbekiston hukumati o‘rtasida loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kredit bitimlari to‘plami imzolandi.
Unga ko‘ra, viloyatning Olot tumanida 250 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 63 MVtli elektr energiyasini saqlash tizimi quriladi.
Stansiyaning 585 gigavatt-soatdan ortiq energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Atmosferaga chiqadigan issiqxona gazlari chiqindilari hajmi yiliga 327 ming metrik tonnadan ko‘proqqa qisqartiriladi.
Loyiha natijasida 75 mingga yaqin xonadon uchun ekologik toza elektr energiyasini ishonchli yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Qayd etilishicha, loyiha Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha ilk tashabbus bo‘lib, yangi quyosh elektr stansiyasi infratuzilmasiga elektr energiyasini saqlash tizimi birinchi marta integratsiya qilinadi.
Tizim energiya ta’minoti barqaror bo‘lishini ta’minlash va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishdagi uzilishlarni kamaytirish orqali energiya tizimining samaradorligi va moslashuvchanligini yaxshilaydi.
Loyihani amalga oshirishga Xalqaro moliya korporatsiyasidan $53 mln miqdoridagi kredit ajratiladi. Shuningdek, OTB, Niderlandiya tadbirkorlikni rivojlantirish tashkiloti va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan $106 mlnlik kredit mablag‘lari taqdim etiladi.
Mablag‘lar quyosh elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilishga yo‘naltiriladi. Moliyaviy paketga Jahon banki tomonidan taqdim etilgan $12 mln miqdoridagi bank kafolati ham kiritilgan.
Bundan tashqari, moliya paketi Kanada-IFC iqlimni asrash bo‘yicha aralash moliyalashtirish qo‘shma dasturi doirasida $20 mln hamda OTB tomonidan boshqariladigan Osiyoning yetakchi xususiy infratuzilma jamg‘armasidan $20 mln imtiyozli moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq “Spot” “Voltalia” kompaniyasi Xorazmda 500 MVt quvvatga ega akkumulyator tizimini qurishi mumkinligi haqida yozgandi. Majmua qurilayotgan fotoelektr stansiysiadan energiya yig‘ish uchun ishlatilishi ko‘zda tutilgan.