Statistika agentligi joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda qancha avtomobil ishlab chiqarilganini ma’lum qildi.
To‘rt oyda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni 114 605 donani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50,4%ga o‘sdi.
“Chevrolet Cobalt” eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil sifatida yetakchi bo‘lib qolmoqda — 41 704 dona. Bu jami hajmning 36,4%ini tashkil etadi.
Shuningdek, 23 244 dona avtomobil bilan “Damas” ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinda esa 17 177 dona avtomobil bilan “Tracker” turibdi.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida 11 580 dona “Onix”, 10 954 dona “Lacetti-Gentra”, 6 151 dona “KIA”, 3 492 dona “Chery”, 230 dona “Haval” hamda 73 dona dons “Exeed” ishlab chiqarilgan.
“UzAuto Motors” joriy yildan “Lacetti-Gentra” ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirgandi. Ammo may oyi oshida 4 500 dona, oy o‘rtasiga kelib esa 3 600 dona “Lacetti” uchun shartnomalar tuzildi.
Bundan tashqari, yanvar-mart oylarida ishlab chiqarilgan transport vositalari qatorida 7 671 dona bilan maxsus yengil avtomobillar ham joy olgan.
Avvalroq avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun yig‘im miqdori kamaytirilgandi. Endilikda buning uchun avvalgi narx — 34 ming so‘m miqdorida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.