Birinchi chorakda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 5,9%ga o‘sib, $20,9 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.

Eksport hajmi 9%ga oshib, $7,8 mlrdga, import esa o‘tgan yilga nisbatan 3,9%ga o‘sish bilan $12,4 mlrdga yetdi.

Yanvar-aprel oylarida xorijga $3,42 mlrdlik (+11,8%) oltin yetkazib berildi. O‘tgan oyda O‘zbekiston $758,3 mlnlik qimmatbaho metall sotdi.

Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda. To‘rt oyda mamlakat bilan $3,96 mlrdlik tovar aylanmasi amalga oshirilgan. Shundan $3,31 mlrdi Xitoy tovarlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi o‘rinda $3,8 mlrd bilan Rossiya turibdi, mamlakat O‘zbekiston uchun asosiy eksport bozori ($1,02 mlrd) bo‘lib qolmoqda. Kuchli beshlikdan Qozog‘iston ($1,22 mlrd), Turkiya ($920,2 mln) va Janubiy Koreya ($695 mln) ham joy oldi.

Eksport

Oltindan tashqari, ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport tovarlari toifalari orasida yetakchilikni saqlab kelmoqda. Yil boshidan $1,34 mlrdlik mahsulot eksport qilinib, o‘tgan yilga nisbatan 3,1%ga oshdi.

To‘qimachilik va gazlamalar eksportidan tushgan daromad 3,5%ga oshib, $704,2 mlnni, rangli metallar yetkazib berish 6,9%ga oshib, $447,6 mlnni tashkil etdi. Po‘lat va cho‘yan eksporti esa biroz pasayib, $69,9 mlnga yetdi.

Kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar hajmi 31,8%lik o‘sish bilan $488,1 mlnni tashkil etdi. Xususan, noorganik moddalar eksporti 81,1%ga oshib, $283,4 mln, o‘g‘itlar yetkazib berish hajmi esa sezilarli o‘sish bilan $78,4 mlnga yetdi.

Uchinchi o‘rinni $473,7 mln (+0,1%) bilan oziq-ovqat eksporti egalladi. Bunda sabzavot va mevalar ($303 mln, +13%), shuningdek, don mahsulotlari ($128,3 mln, -23,5%) ustunlik qilishda davom etmoqda.

Iste’mol tovarlari eksporti $347,5 mlnni (-6%) tashkil etdi. Kiyim-kechak yetkazib berishdan tushgan daromad $293,4 mln (-6%) bo‘ldi, har xil tayyor buyumlardan 20%ga ($3,6 mlngacha), mebeldan esa 18,2%ga ($4,3 mlngacha) oshgan.

Mashinasozlik mahsulotlari bo‘yicha tushumlar hajmi $319,5 mlnni (-15%) tashkil etdi. Avtomobillar va ularning ehtiyot qismlari eksporti hajmi deyarli o‘zgarishsiz — $120,3 mln miqdorida shakllandi.

Generatorlardan tushgan daromad $41,7 mlnni (-12,2%), elektrotexnika — $64,3 mln (-14,7%), elektr aloqasi va ovoz yozish uskunalari $27,1 mlnni (-45,8%) tashkil etdi. Metallarni qayta ishlash mashinalari eksporti qariyb 40%lik o‘sish bilan, $1,3 mlnga bordi.

Uglevodorodlar yetkazib berish 2,7 baravarga ($179,4 mln), metall rudalari 7,9 baravarga ($17,4 mln) oshgan. Gaz eksporti 55%ga pasayib, $52,3 mlnni tashkil etdi.

Import

Tovarlar importi tarkibida mashinasozlik mahsulotlari $4,54 mlrd bilan yetakchilik qilmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,8%ga kam. Avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish $1,18 mlrdga (-7,5%), elektrotexnika — $603,1 mlnga (+58,5%), hisoblash texnikasi — $162,1 mlnga (+11%) yetdi.

Ikkinchi o‘rinda ishlab chiqarilgan mahsulotlar turibdi — $1,96 mlrd (+7,8%). Ushbu turkumda cho‘yan va po‘lat (+19,6%), charm mahsulotlari (+7,2%) va metall buyumlar (+6,4%) uchun import sezilarli darajada oshdi.

Kimyo sanoati mahsulotlari importi 2,8%ga kamayib, $1,53 mlrdni tashkil etdi. Tibbiy tovarlarga $635,4 mln (+21,3%), plastmassalarga — $233,4 mln (-16%), kimyoviy materiallarga — $222,3 mln (+14,5%) sarflandi.

Xorijiy oziq-ovqat mahsulotlari importi $1,12 mlrdni (-5%) tashkil etdi. Don mahsulotlari yetkazib berish $293,4 mlni (-33,6%), sabzavot va mevalarni yetkazib berish $180,7 mlnni (+45,3%), shakar va qandolat mahsulotlarini yetkazib berish $177,6 mlnni (-5,5%) tashkil etdi.

Yoqilg‘i-moylash materiallari yetkazib berish hajmi $1,38 mlrdni tashkil etdi. Tabiiy gaz importi (Rossiya va Turkmanistondan) uch barobarga oshib, $462,8 mlnni tashkil etdi. Ko‘mir narxi $63,3 mln (+15,7%), neft va neft mahsulotlari $788,3 mlnga (+26,8%)ga yetdi.

Avvalroq joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda qancha avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilingandi.