Joriy yilning 15-mayidan ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlangandi.
15-maydan 21-may kunigacha jami 150 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.
Vazirlik tomonidan hududlarda mazkur davlat xizmati ko‘rsatilishi bo‘yicha uchta viloyat — Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari misolida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Uning doirasida Namanganda subsidiya ajratiladigan talabgorlarni tanlab olish bo‘yicha komissiya a’zolari ishtirokida muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida davlat xizmati ko‘rsatilishini yaxshilash hamda inson omilisiz subsidiya ajratish tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Arizalar 19 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
2024-yil uchun mamlakat bo‘yicha 27 mingta subsidiya ajratilishi belgilangan. Shundan 20 mingta subsidiya yangi uy-joy sotib olish, 7 mingtasi esa uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga ajratiladi.
Subsidiyalar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15%i miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12%dan oshgan qismiga to‘lanadi.
Boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplashga subsidiyalar joriy yildan boshlab 30 mln so‘mni tashkil etadi.
Ipoteka sertifikatining amal qilish muddati — 4 oy. Agar undan o‘z vaqtida foydalanilmasa, ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun qayta ariza berish mumkin bo‘ladi. Joriy yilgi dasturda arizalar 1-noyabrgacha qabul qilinadi.
“Spot” arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etdi. Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Avvalroq Yagona portalda bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam uchun onlayn ariza jo‘natish imkoniyati yaratilgandi.