Ispaniyaning “World2Fly” aviakompaniyasi O‘zbekistonga charter reyslarini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

“Iberostar Group” turizm xoldingiga kiruvchi aviatashuvchi Madridni Toshkent va Urganch bilan bog‘laydi.

Madrid-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys 23-may kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Har ikki yo‘nalish bo‘yicha parvozlar har ikki haftada bir marta Airbus A330−300 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Parvozlarning birinchi bosqichi iyun oyi oxirigacha davom etadi, shundan so‘ng ular sentabr-oktabr oylarida qayta tiklanadi.

Yanvar oyida “World2Meet” turoperatori Ispaniyadan O‘zbekistonga charter reyslari yo‘lga qo‘yilganini e’lon qildi.

“World2Fly” bortida parvozlarning boshlang‘ich bosqichi 8-may kuni ochilishi va 12-iyun kuni yakunlanishi rejalashtirilgan edi.

“Kannak” sayyohlik kompaniyasi direktori Karlos Florido charter reyslar doirasida kompaniya O‘zbekistonga sayyohlik yo‘nalishini ishlab chiqqanini ta’kidladi.

Uning o‘ziga xosligi shundaki, u chiziqli, ya’ni Urganchda boshlanib, Toshkentda tugaydi yoki aksincha.

Bir hafta davomida yo‘nalish O‘zbekiston hududi va to‘rtta shahar — Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent bo‘ylab ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tadi. Respublika bo‘ylab sayohat avtobuslarda amalga oshiriladi.


Avvalroq “Spot” “Silk Avia” Issiqko‘lga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

Dastlabki parvozlar 16-iyundan boshlanib, birinchi bosqichda reyslar haftasiga uch marta — seshanba, payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.