Avvalroq “Yandex Go” O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida tarif joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahri uchun ilovada “Elektro” tarifi ishga tushirildi.
Bunda mazkur tarifni tanlaganda buyurtmaga faqat elektromobillar, jumladan, “BYD”, “Dongfeng”, “Hongqi, Aion” hamda “Volkswagen” kabi avtomobillar keladi.
Sayohatlar narxlari 15 ming so‘mdan boshlanadi. Masalan, Oloy bozoridan “Tashkent City Mall” savdo markazigacha bo‘lgan buyurtma taxminan 25 ming so‘mga tushadi.
Mazkur tarifda buyurtma qabul qiluvchi haydovchilar yuqori reytingga ega bo‘lib, ular yo‘lovchilar bilan muloqot qilish standartlari, dress-kod hamda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tishgan.
Kompaniya bu segmentni rivojlantirishni rejalashtirmoqda, avtoparklarni esa elektromobillar sonini oshirishga chaqirmoqda.
“Alohida tarif Toshkent shahri aholisiga yanada ekologik toza transport turlariga o‘tish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytiradi, bundan tashqari, elektr transporti shahar hayoti sifatini yaxshilaydi”, — deydi kompaniyaning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov.
Aprel oyida “Yandex Go” korporativ xizmatini ishga tushirgandi. Undan Toshkentdagi kompaniyalar biznes uchun foydalanishlari mumkin.