Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda tez tibbiy yordam tizimi tahlillari ma’lum qilindi. Bunda asosiy muammo murojaatlarni kasallikning og‘irligiga qarab saralamaslik bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois tez yordam “Call-markaz"larida bemorlarga shifokor maslahati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinadi.
Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yo‘nalishida qayta tayyorlanadi.
Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasiga e’tibor qaratildi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tanqid qilgandi. Bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar va qo‘lda sotuvchilarni tartibga keltirish, joylarga yetib bormagan 17 turdagi preparat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, jazo belgilash topshirildi.