Namangan viloyatida xavfsizlik choralari ko‘rilmagan 2ta metan “zapravka” gaz ta’minotidan ajratildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbout xizmati xabar berdi.
Inspeksiyaning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Pop tumanida joylashgan “I.P.P.T.” va “P.M” MChJlarga qarashli 2ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, mazkur “zapravka"larda o‘rnatilgan texnologik jarayonlarning amaldagi me’yor va qoidalarga muvofiqligi, tabiiy gazni qabul qilib olish, saqlash va tarqatish holatlari ko‘zdan kechirildi.
Natijadam AGTKShlar faoliyatida aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi bilan bog‘liq qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlandi.
Bu holatlardagi qoidabuzarlikka sabab bo‘luvchi omillar to‘liq bartaraf etilgungacha mazkur AGTKShlar tabiiy gaz ta’minotidan ajratildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi to‘rtta viloyatdagi 15ta AYoQShda sifatsiz benzin sotilganini aniqlagandi. Natijada, iste’molchilarga 201 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Aniqlangan holatlarning eng ko‘pi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Farg‘onada esa metan “zapravka” 1 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazni talon-toroj qilgan. AGTKSh gaz hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.