Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
So‘nggi 7 yilda tizimga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 5,9 trln so‘mdan 33,5 trln so‘mga, ya’ni 6 barobar oshirildi. Joylarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, sohada aholi murojaatlarining 30%igina birlamchi bo‘g‘inda hal etilmoqda. Ayrim kasalliklar bo‘yicha davolash uslublari eskirgan. Hamshiralarning ish doirasi keng emas.
Gipertoniya, yurak ishemik va surunkali o‘pka xastaliklari, bronxial astma, qandli diabet, gepatit kabi eng ko‘p uchraydigan 7ta kasallik guruhi bo‘yicha davolash standartlari xalqaro talablar asosida yangilandi. Yil yakunigacha yana 300ta klinik protokollar qayta ko‘rib chiqiladi.
Bemorlarga odatiy tekshiruvlarni belgilash, dorisiz davolash kabi vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi.
Uch yil avval tajriba tarzida Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgandi. Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayapti. Shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketayapti.
Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanadi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi.
2024-yilda poytaxtda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etiladi. Bu aholi tomonidan to‘lanayotgan umumiy soliqlar hisobidan amalga oshirilib, qo‘shimcha badallar undirilmaydi.
Tibbiy sug‘urta doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etiladi;
- bemorlarni o‘zlari biriktirilgan oilaviy shifokorlar orqali tor soha mutaxassislariga yoki shifoxonalarga yo‘llash tizimi tashkil qilinadi. Bu tartibga rioya qilingan holdagina bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi;
- aholiga kafolatlangan paket doirasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.
Joriy yilning yanvar oyida davlat rahbarining tegishli qarori bilan Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tashkil etildi. 40ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishi belgilandi.
Avvalroq Toshkentda Elektron poliklinika tizimining yangi versiyasi ishga tushirilgandi. Bu orqali navbat kutish vaqti qisqartirilib, avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi.