Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi hamda “KPMG” O‘zbekiston IT mehnat bozorini tahlil qildi. Tahlil natijalari “Spot"da mavjud.
Joriy yilning 1-mart holatiga, ish izlashga mo‘ljallangan yetakchi platformalarda IT-sohasi bo‘yicha 1600dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.
Shundan qariyb yarmi dasturchilar uchun mavjud bo‘lib, shuningdek, yana bir qismi dizaynerlarni izlashga qaratilgan.
Tahlilchilar uchun taklif qilinayotgan ish haqining o‘rtacha maksimal miqdori 32,2 mln so‘mni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinda 28,4 mln so‘m bilan IT-loyiha menejerlari, 23,4 mln so‘m bilan dasturchilar turibdi.
Shu bilan birga, taklif etilayotgan ish haqining eng past miqdori dizaynerlar uchun o‘rtacha 4,1 mln so‘m, tizim administratorlari uchun — 9,5 mln so‘m hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha 13 mln so‘mni tashkil etadi.
Bir yildan uch yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan 1C-dasturchilarga 30 mln so‘m miqdorida eng yuqori oylik ish haqi taklif etiladi. Dasturchi va tahlilchilarga esa bu 22,2 mln hamda 22 mln so‘mni tashkil etgan.
Dizaynerlarga taklif etiladigan ish haqi boshqa sohalarga nisbatan past — o‘rtacha 4,2−7,5 mln so‘m. Shu bilan birga, loyiha menejerlari — 6,2−12,4 mln so‘m, kiberxavfsizlik — 7,5−15 mln so‘m, tizim administratori — 7,8−11,3 mln so‘m miqdorida ish haqi taklifiga ega.
Bundan tashqari, 3−6 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarga taklif etilayotgan ish haqi ayrim sohalarda sezilarli darajada yuqori.
Xususan, tahlilchilarga 10 mln so‘mdan qariyb 50 mln so‘mgacha oylik ish haqi taklif etiladi. Dizaynerlar ish haqi 25 mln so‘mdan, loyiha menejerlariniki esa 30 mln so‘mdan oshgan.
Tizim administratorlari va 1C-dasturchilar uchun ish haqlari deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Dasturchilar uchun taklif etilgan ish haqining esa faqat minimal darajasi o‘sgan — 15,6 mln so‘m.
Kiberxavfsizlik yo‘nalishida esa o‘rtacha oylik ish haqining maksimal miqdori ish tajribasi kamroq bo‘lganlarnikiga nisbatan past darajani (10 mln so‘m) ko‘rsatdi.
Avvalroq o‘zbekistonliklar ishda qanday imtiyoz va bonuslarni afzal ko‘rishi tahlil qilingandi.