Toshkentda “Ritz-Carlton” brendi ostida mehmonxona qurish rejalashtirilmoqda.

Prezidentning uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan hujjat bilan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tegishli qarorni imzoladi.

Qaror bilan poytaxtda xorijiy hamkorlar bilan investitsiya bitimlari va kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.

“Yo‘l xaritasi"da Ozarbayjonning “Pasha Development” kompaniyasi bilan Toshkentda 5 yulduzli mehmonxona faoliyatini tashkil etish loyihasi ham keltirilgan.

Bu bo‘yicha yil boshida hukumat qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan investisiya dasturida ham qayd etilgandi.

Loyiha qiymati $200 mlnni tashkil etib, uni 2023-yilning noyabrida tashkil etilgan “Pasha Development” sho‘ba korxonasi — “PD Estates” amalga oshiradi, u o‘z navbatida “Pasha Holding” kompaniyasiga tegishli hisoblanadi.

2024-yilning iyuligacha loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish, kuzgacha esa qurilish-montaj ishlarini boshlash belgilanmoqda.

Shuningdek, 2025-yilning mart oyigacha loyihani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

2023-yilning iyulida Ozarbayjon kompaniyasining Toshkentda mehmonxona qurish istagi ma’lum qilindi.

May oyi boshida Toshkentda o‘tkazilgan investitsiya forum doirasida xalqaro kompaniyalar qatorida xolding ishtirokidagi yangi loyihaga start beriladi.

Pasha Holding 2006-yilda tashkil etilgan. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishi bank-moliya xizmatlari, sug‘urta, investitsiya va brokerlik xizmatlari, qurilish va texnologiyalarga qaratilgan.


Avvalroq Qoraqalpog‘istondagi mehmonxonalarga 20 mln so‘m subsidiya berilishi haqida ma’lum qilingandi. Subsidiyani ilgari yulduz toifasiga ega bo‘lmagan va 3 yulduzli toifaga aylantirilgan mehmonxonalar olishi mumkin.