O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni oshirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbout xizmati xabar berdi.
“FAF 2024” tadbiri doirasida “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoni Podshohligi aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston shaharlaridan Saudiya shaharlariga muntazam parvozlar sonini har bir tomondan 50tagacha ko‘paytirishga kelishildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda tomonlar erishilgan kelishuvlarni tasdiqlash maqsadida memorandum imzolashdi.
Hujjat mamlakatdan “Haj” va “Umra” tadbirlariga boruvchi ziyoratchilar hamda “Umra plyus” dasturi orqali O‘zbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyuruvchi sayyohlarga imkoniyatlar yaratishni nazarda tutadi.
Shuningdek, O‘zbekistonning barcha aeroportlarini Saudiya Arabistoni bilan bog‘lash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
2023-yil oxirida tomonlar xalqaro aeroportlar mavjud bo‘lgan shaharlar o‘rtasida haftasiga 35ta parvozni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.
Undan oldin, ya’ni avgust oyi Saudiya Arabistoni o‘zbekistonliklarga elektron viza berishni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur vizaning amal qilish muddati 90 kunni tashkil etadi.