“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkentdan Nijnevartovskka parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent-Nijnevartovsk-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar Airbus A320 Neo samolyotida haftada bir marotaba — juma kunlari olib boriladi.
Birinchi reysning ishga tushirilishi 14-iyunga belgilangan. Parvozlar “Uzbekistan Airways Express” loukoster aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Parvozlar jadvali (mahalliy vaqt bilan) quyidagicha:
- Toshkentdan jo‘nab ketish — soat 05:55, Nijnevartovskka yetib borish — soat 09:20;
- Nijnevartovskdan jo‘nab ketish — soat 11:10, Toshkentga yetib borish — soat 14:35.
Bir tomonlama aviachiptalar narxi 1,450 mln so‘mdan, borish va qaytish aviachiptalari esa 2,32 mln so‘mdan boshlanadi.
2023-yilning martida aviakompaniya Namangandan Nijnevartovskka parvozlarni boshlagandi.
2022-yilning noyabrida “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.