Italiya kompaniyasi O‘zbekiston yosh fermerlari malakasini oshirishga ko‘maklashadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiyaning “Bonifiche Ferraresi Group” kompaniyasi moliya va investitsiyalar rahbari Stefaniya Kvintavalle bilan uchrashdi.
Unda mamlakatda ilg‘or texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, mahsulotlarni qayta ishlash va Italiya bozoriga eksport qilish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Italiya tomoni O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimi benefitsiari ekanligi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida bojxona imtiyoziga egaligiga e’tibor qaratdi.
Kompaniya mutaxassislarining O‘zbekiston yosh fermerlari malakasini oshirishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, texnik guruhning O‘zbekistonga safarini tashkil etish va mamlakatda kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilishga kelishildi.
“Bonifiche Ferraresi Group” Italiya shimolida joylashgan qishloq xo‘jaligi kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya 8 ming gektar yer maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiradi.
U bug‘doy, sholi, meva-sabzavot va boshqa ekinlar yetishtirish hamda qayta ishlashga ixtisoslashgan. Tarkibida 20ga yaqin tarmoq korxonalari mavjud bo‘lgan kompaniyaning yillik daromadi 300 mln yevroga teng.
O‘zbekistonlik yoshlar qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha Germaniyada amaliyot o‘tashga jalb qilinishi ma’lum bo‘lgandi.