Yodda tuting: har qanday investitsiya har doim moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi. “Spot” ushbu ma’lumotlarga asoslangan muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz sarmoyalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Barcha ma’lumotlar faqat ma’lumot olish uchun taqdim etilgan va ular investitsiya yoki boshqa harakatlarga chaqiruv sifatida qaralmasligi kerak.


Bugungi kunda fond birjasida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarni nafaqat ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlarida, balki qisqa vaqt ichida o‘quv markazlarida ham egallash mumkin.

“Spot” Toshkentdagi treyding o‘quv markazlari haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi. Shuningdek, ta’lim bozoridagi vaziyat, kurs tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi va yaxshi natijalarga qanday erishish mumkinligi haqida mutaxassislar fikri keltirilgan.


OBI Broker

"OBI kompaniyasi 2018-yilda O‘zbekiston bozorida yuqori texnologiyali moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish uchun tashkil etilgan. Ushbu markazning asosiy faoliyat turi qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya xizmatlarini ko‘rsatishdir.

Kompaniya brokerlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalarga ega va O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan tartibga solinadi.

“Trader” kursi investitsiyalar, xususan, savdo bilan professional darajada shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun intensiv kursdir. U 21 ta bosqichdan iborat bo‘lib, 1,5 oy davom etadi. Bu vaqt davomida qimmatli qog‘ozlar savdosining nazariy asoslari o‘rganiladi va amaliy qismi bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiladi.

O‘quv kursi narxi oflaynda 5 mln so‘m, onlaynda 2,2 mln so‘m. 18 ta dars, 54 soat ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlardan iborat.

Yakuniy bosqichda talabalar kompaniya hamkorlarining savdo maydonchasini o‘rganish va demo hisob qaydnomasida bitimlar tahlilida savdo qilish bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadilar. Bitiruvchilar fundamental va texnik tahlil ko‘nikmalariga ega bo‘lib, risklarni kamaytirishning turli usullarini o‘zlashtiradi, savdo terminallari va bozor tahlili vositalari bilan ishlashni o‘rganadilar.

Kompaniya hozirda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan.


“BeTrader”

Kompaniya o‘z faoliyatini 2021-yildan boshida boshlagan. Markaz o‘quv kurslari narxning keyingi yo‘nalishini aniqlashga va muhim darajadagi o‘yinchilarning xatti-harakatlarini tahlil qilishga yordam beradigan bar tahlili usuli bilan birgalikda hajm va narxlar farqi (VSA) tahlilini o‘rganishni taklif qiladi.

Kurs davomida fond bozori, aksiya va kriptotangalarni tanlash, texnik tahlil nazariyasi, g‘oya qurish, pul va risk boshqaruvi, amaliy darslar va imtihon bo‘lib o‘tadi. Markazda uch xil ta’lim olish shakli mavjud:

  • Bir martalik konsultatsiya narxi —$100.
  • Guruh darslari — $1200. Bunda darslar 2−3 oy davom etadi.
  • Individual seanslar — $5000. Kurs davomiyligi 8 oyni tashkil etadi.

Darslar davomida aksiyalarni tanlashni tahlil qilish, daraja, zonalar, tendensiyalar va to‘lqinlar nazariyasini o‘rganish bo‘yicha amaliy ishlar, shuningdek g‘oyalarni shakllantirish va moliyaviy menejment bo‘yicha bilimlar o‘rgatiladi. Kurs oxirida talabalarga mutaxassis tomonidan to‘liq yordam ko‘rsatiladi.

“BeTrader"nining hozirda Toshkent shahrida filiali mavjud.


Uranus

Kompaniya 2017-yil tashkil etilib, 2019-yil O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan. Moliyaviy bozordagi savdo bo‘yicha minimum nazariya va amaliy savdoga asoslangan. Darslar 10 ta blokdan tashkil topgan bo‘lib, oflayn va onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi.

Oflayn (Diamond) kurs narxi 25 mln so‘m, onlayn (Gold) kurs narxi esa 12 mln so‘m, mustaqil (Silver) kurs narxi esa 10 mln so‘mni tashkil etadi. Har bitta kurs 17 ta blokdan iborat

Treyding kursida treyding nimaligi, treyder va investorning farqi, Metatrader 4, texnik tahlil, grafik va shamchalar tahlili hamda boshqa kerakli bilimlar o‘rgatiladi. Bonus tariqasida yarim avtomatik va mutlaqo avtomatik robotlar bilan ishlash imkoniyati beriladi. Shuningdek, eng iqtidorli talabalarga $25,000 depozit taqdim etiladi.

Bundan tashqari, rasmiy signal kanalga 14 kunlik a’zo bo‘lish, unicorn FL 19 va 25 yarim avtomatik maslahatchilar 30 kunga taqdim etiladi.

Markaz Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan.


Davlat xaridi ishtirokchilari uyushmasi

Davlat xaridi ishtirokchilari uyushmasi — O‘zbekiston tovar-xom ashyosi birjasi va davlat xaridlari tizimi shaffofligi borasida volontyorlik, konsultatsiya xizmati, nizoli vaziyatlarni hal qilish bo‘yicha amaliy yordamlar berishdan tashqari tashkilotlar xodimlarining bu boradagi malakasini oshirish hamda yangi kadrlarni o‘qitib-tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi.

Uyushmada quyidagi sohalar bo‘yicha malaka oshirish kurslari mavjud:
1. O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi O‘zRTXB (UzEX, SPOT) — bunda yuqori likvidli, ya’ni shakar, benzin, un, salyarka, polietilen kabilar savdolari o‘tkaziladi.
2. O‘zbekiston davlat xaridlari va tenderlari — xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, etender.uzex.uz va tender.mc.uz platformalari orqali o‘tkaziladigan savdolarda ishtirok etish xamda xizmat va mahsulotlarni sotish.

1. O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi O‘zRTXB:

  • Birja soxasi tushunchasi, savdo turlari va imkoniyatlari xaqida ma’lumot beruvchi 6 soatga yaqin videodarslik;
  • birja bozorida ishlash ruxsatnomasini beruvchi testdan oldin testga tayyorlovchi amaliy dars;
  • Testdan o‘tib shaxsiy kabinetga ega bo‘lgandan so‘ng savdolarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot;

Amaliy mashg‘ulot birja sohasida 15 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.

2. O‘zbekiston davlat xaridlari va tenderlari:

  • davlat xaridlari to‘g‘risida, ishlash tizimi, savdo turlari va savdo maydonchalari xaqida tushuncha beruvchi videodarslik;
  • xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, cooperation.uz, etender.uzex.uz va tender.mc.uz platformalarida auksion, elektron va milliy do‘kon savdolari, tenderlar hamda eng yaxshi takliflarni aniqlash bo‘yicha savdolarda ishtirok etish yuzasidan amaliy mashg‘ulot;
  • davlat xaridlarida mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarga investitsiya taklifi.

Har ikkala o‘quv kursini tamomlagandan so‘ng shu soha mutaxassisligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi. Shuningdek, keyingi savdolar yuzasidan savollar va muammolariga bepul konsultatsiya xizmati mavjud.

O‘quv kurslari online yoki offline tarzda guruh tartibida o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi, davomiyligi 30 kun. Kurslarning narxlari 4,5 mln so‘mdan boshlanadi. Individual kurs narxi — 7,9 mln so‘m.

Kompaniya hozirda Yakkasaroy tumanida joylashgan.


Treydingga oid atamalar

  • Treyder — bu treydingda faoliyat yuritadigan, oldi-sotdi jarayonlarida ishtirok etuvchi shaxs.
  • “Forex” — xorijiy valyuta almashinuvi amalga oshiriladigan platforma.
  • Timeframe — bu ma’lum bir vaqt oralig‘ida narx o‘zgarish diapazoni.
  • Pattern — bu texnik tahlilning bir turi bo‘lib, tarixdagi qayta takrorlanuvchi grafiklarni o‘rganadi.
  • Demo hisob — treydingda virtual pullar asosida yuritiladigan hisob turi.
  • Texnik tahlil — bu narxlar harakatining kelajakdagi yo‘nalishini bashorat qilish uchun grafikalar orqali bozor dinamikasini o‘rganish.
  • Treyding roboti — bu valyuta juftligini muayyan nuqtada sotib olish yoki sotish kerakligini aniqlash uchun belgilangan bozor signallarida foydalanadigan algoritmik shakl.

“Spot” treyding va treyder faoliyati, savdo bozorlariga kirish, hisob turlari va boshlang‘ich sarmoya hamda zarur ko‘nikmalar haqidagi “BeTrader” asoschisi Akmal Djalilov “Treyding nima va uni nimadan boshlash kerak?” mavzusidagi suhbatni tavsiya qiladi.