“Yandex Go” xizmati Termiz shahrida ish boshladi. Bu haqda kompaniya matbout xizmati “Spot"ga xabar bermoqda.
Safar narxi 4 ming so‘mdan boshlanadi. Masalan, “Do‘stlik” istirohat bog‘idan “Iceberg” ko‘ngilochar markaziga borish taxminan 5 ming so‘mga tushadi.
Foydalanuvchilar ilova orqali boradigan manzilni kiritishlari va tegishli tarifni tanlab, taksi buyurtma qilishlari mumkin.
Ilovada avtomobilning yetib kelish vaqti, haydovchi va avtomobil rusumi haqidagi barcha ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
To‘lovlar naqd pul yoki karta orqali qabul qilinadi. Kompaniya xaritalar, navigatsiya va “aqlli” buyurtma tarqatish kabi tizimlardan foydalanadi.
“„Yandex Go“ Termizda ishga tushirilishi mintaqa rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi, chunki bu yerda avval bu kabi onlayn-xizmatlar mavjud emasdi. Zamonaviy texnologiyalar odamlarning hayotini qulaylashtiradi va shaharni biznes hamda turizm uchun jozibador qiladi”, — deydi “Yandex Taxi"ning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov.
Uning qayd etishicha, Termizda ishga tushirilgan xizmat, shuningdek, iqtisodiyotning o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi, investitsiyalarni jalb qiladi va yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Xizmat Toshkent shahri, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Nukus va Qarshida ham faoliyat yuritmoqda. Yil oxirigacha mamlakatning turli viloyatlaridagi shaharlarda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq “Yandex Go” elektromobillar uchun alohida tarifni ishga tushirgandi. Haydovchilar yo‘lovchilar bilan muloqot qilish hamda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishgan.