O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi litsenziyaga ega ishtirokchilar soni 15tani tashkil etadi. Bu haqda AOKAda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Shundan 2tasiga kripto-birja, 3tasiga kripto-depozitariy hamda 10tasiga kripto-do‘kon faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berilgan.
Avvalroq agentlik tomonidan “Japan DXT” kompaniyasiga kripto-depozitariy faoliyatini tashkil etish uchun tegishli litsenziya berilgandi.
2022-yildan bugungi kungacha kripto-aktivlar aylanmasi ishtirokchilari tomonidan budjetga qariyb 44 mlrd so‘m tushum bo‘lgan.
Shuningdek, mazkur texnologik va yangi sohada 70dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Agentlik joriy yilning mart oyida “Tether” kompaniyasi bilan imzolangan memorandum mamlakat uchun sohadagi erishilgan yana bir “yirik yutuqlardan biri” deb hisoblaydi.
Tomonlar O‘zbekistonda blokcheyn texnologiyasini, barqaror tokenlarni va aktivlarni tokenlashtirishni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sish va innovatsiyalarni rag‘batlantirishda hamkorlik qiladi.
Joriy yilning 19-iyunidan kripto-birja va kripto-do‘konlar uchun yig‘imlar miqdori oshiriladi. Kripto-birja faoliyati uchun BHMning 740 baravari (251,6 mln so‘m), kripto-do‘kon uchun BHMning 185 baravari (62,9 mln so‘m) etib belgilandi.