“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tadbirkorlarga taqdim etadigan kafillik va kompensatsiya yordamlari miqdorlarini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Xususan, 2024-yilda banklar orqali tadbirkorlarga beriladigan kafillik yordamining eng kam miqdori 480 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Ushbu mablag‘larning asosiy qismi — 61 mlrd so‘m “Biznesni rivojlantirish banki"ga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, bu “Xalq banki"da 57 mlrd so‘m hamda “Mikrokreditbank"da 55 mlrd so‘mni tashkil etadi.
“Agrobank”, “Sanoatqurilishbank"ning har birida 53 mlrd so‘mdan kafillik yordami tadbirkorlarga yo‘naltiriladi.
Kafillik berilishi rejalashtirilgan banklarning orasida “Ipak Yo‘li”, “Kapitalbank” va “Garant Bank” eng quyi o‘rinlarni egallab turibdi. Ularning har birida 2 mlrd so‘mdan sal ko‘proqni tashkil etadi.
Faqat kichik tadbirkorlarga beriladigan kompensatsiya yordamining eng ko‘p miqdori — 150 mlrd so‘m.
“Biznesni rivojlantirish banki” kompensatsiya yordamini ko‘rsatishda ko‘maklashuvchi banklar orasida ham 19 mlrd so‘m bilan birinchilikni egallab turibdi.
“Xalq banki” orqali — 18 mlrd so‘m, “Mikrokreditbank”, “Agrobank” va “Sanoatqurilishbank” orqali — 17 mlrd so‘mdan, “Turonbank” orqali — 15 mlrd so‘mdan yo‘naltiriladi.
“Ipak Yo‘li”, “Kapitalbank” va “Garant Bank” eng kam yordam yetkazishda vositachilik qiluvchi banklar qatoridan ham joy oldi.
Mazkur banklarning har biriga 1 mlrd so‘mdan kamroq mablag‘ ajratilishi reja qilingan.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” 2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident farmoni bilan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi negizida tashkil etilgan.
Kichik va o‘rta tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmi 8 trln so‘mdan 14 trln so‘mga oshirilib, 150ta o‘rta biznes korxonasiga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasi asosida 300ta loyihani tadbirkorlarga sotish belgilandi.
“Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish uchun kompaniya vakillari belgilangan tartibda Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari binolariga joylashtiriladi.
Joriy yilning mart oyida kompaniya tomonidan o‘rta tadbirkorlar uchun “Xizmatlar ipotekasi” moliyaviy yordamini taqdim etishga ochiq tanlov e’lon qilindi.