Ozodbek Kamolov Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilgan. Dastlab Qorako‘l akademik litseyida aniq fanlar yo‘nalishida ta’lim olgan. O‘sha paytlari ko‘pgina olimpiadalarda ishtirok etgan Ozodbek, Toshkent shahridagi Inha universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bakalavrni dasturlash yo‘nalishi bo‘yicha uch yil davomida Toshkentda, oxirgi yilini Koreyada o‘qigan.
Oliygohni tugatgach, Navoiy kon metallurgiya kombinatida, Xalq ta’limi vazirligida hamda mahalliy va xalqaro startaplarda ishlagan. So‘ng, faoliyatini xorijiy kompaniyalarda davom ettirish maqsadida “Uber"ga hujjat topshirgan. Hozirda kompaniyaning Amsterdamdagi filialida software engineer II bo‘lib faoliyat yuritmoqda.
Dasturlashga tog‘am orqali qiziqqanman
Hali maktabga chiqmagan paytlarimda tog‘amning uylariga tez-tez borardim. Ularda texnikalar ko‘p edi, tabiiyki hali yosh bola sifatida bular menga juda qiziq tuyilgan. O‘shanda dasturchilar har doim texnologiyalarning eng so‘nggi modelini ishlatishadi va boshqalarga nisbatan bir qadam oldinda bo‘lishadi, deb o‘ylaganman.
Shuningdek, tog‘am ish yuzasidan tez-tez xorij davlatlariga grantni yutar, malaka oshirishlarga borib turardilar. O‘sha paytlari atrofimda bunday insonlar kamligi uchunmi, ularga havas qilardim. Bunday imkoniyatlar faqat dasturchilarda bo‘ladi deb, shu sohani tanlashga qaror qilganman.
Litseyni tugatib universitetga kirgach, bu yerdagi fanlarni o‘qisam 100% hamma narsani biladigan dasturchi bo‘lib yetishaman, qo‘shimcha darslarga hojat qolmaydi, deb tushunganman.
Ammo, birinchi semestr oralig‘idan keyin ma’ruza boshqa, amaliyot boshqa ekanligini angladim. Shundan so‘ng, kuniga 5−6 soatlab kitoblar o‘qish, internetdan kurslar ko‘rish orqali dastlab backend yo‘nalishini mustaqil o‘rgandim.
Talabalik davri. Foto: Ozodbek Kamolovning shaxsiy arxividan
O‘qish paytida android dasturlash bo‘yicha kichik buyurtmalar oldim. Ammo, universitetni tugatgach, yana backend yo‘nalishiga qaytganim uchun hamma narsani noldan o‘rgandim. Bunga esa 1,5−2 oy vaqtim ketdi. Bu paytda ma’lum bir ish topish ham qiyin kechdi.
Asosiy faoliyatimni 2018-yil Navoiy kon metallurgiya kombinatida boshladim. Ko‘pchilik tashqaridan shunday yaxshi joyda ishlashimga havas qilardi, ammo bu yerda birinchi maoshim 1 mln so‘m bo‘lgan. Kombinatda 10 oy ishlab, 2019-yil ketdim.
Keyingi ish manzilim Xalq ta’limi vazirligi bo‘ldi. U yerda IT-loyihalar ustida ishlaydigan jamoaga qo‘shildim. Ko‘proq tajriba orttirishimga, murakkab loyihalar ustida ishlashimda va jamoa bilan kirishib keta olish qobiliyatim shakllanishiga aynan shu joydagi faoliyatim katta hissa qo‘shgan.
Maoshim ham 3 mln so‘m atrofida bo‘lgan. Eng yoqqan jihati bilimli jamoa shakllangani, aksariyat xodimlar xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib, ularning tajribasi bilan o‘rtoqlashgan.
“Niderlandiyada ishlash umuman rejamda bo‘lmagan”
Hammasi qanday boshlandi: 2020-yillari “Amazon” kompaniyasida ishlaydigan tanishim Miradham aka bilan tez-tez suhbatlashib, maslahatlashib turardik. O‘sha payti hali tajribam kam bo‘lishiga qaramay, “Amazon"ga ishga topshirib ko‘rdim, lekin intervyularning oxirgi bosqichidan o‘ta olmadim. Bu bilan to‘xtab qolmay, boshqa xalqaro kompaniyalarga ham qiziqishib bildirib yurdim.
Shu orada qirg‘izistonlik, “Google"da 7 yil faoliyat yuritgan Tilek Mamutovning “Outtalent” startapiga qiziqib qoldim. Bu loyiha vazifasi O‘rta Osiyoda iqtidorli yoshlarga nufuzli kompaniyalarga ishga joylashishlariga yo‘l-yo‘riqlar berib boradi.
Men ham shu startapga qo‘shilib, dastlab 10ta kompaniyani tanlab, intervyuga tayyorgarlik ko‘rishni boshladim. Lekin tanlagan kompaniyalarimning ko‘pchiligi ishchilarini bo‘shatayotgani va yangi xodim qabul qilmayotgani sababli, “Uber"ga topshirib ko‘rishimni maslahat berishdi.
Shu shu kompaniyaning Daniyadagi ofisiga hujjat topshirib, intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tdim. Ammo, “Uber” men bilan birga intervyuda qatnashganlar orasidan boshqa nomzodni tanlab olgani sababli, bu pozitsiya to‘ldi.
Yaxshi natija ko‘rsatganim uchun esa menga mavjud pozitsiyalarni taklif qilishdi va men Amsterdamdagi hozirgi jamoamni tanladim — 8 oydan beri mana shu yerda ishlab kelmoqdaman.
“Uber"dagi jamoamiz 8 kishidan tashkil topgan va ular 8ta davlatdan: Braziliya, Rossiya, Belarus, Misr, Xitoy, Hindiston, Shveysariya va O‘zbekiston.
“Uber"dagi jamoa. Foto: shaxsiy arxiv
Viza olish jarayoni. Ishga qabul qilinganimdan so‘ng, ko‘pgina hujjatlarni kompaniyaning o‘zi tayyorlagan. Ya’ni, viza olish jarayonlari ham “Uber” tomonidan qoplangan. Kompaniyada bu ishlarning har birini alohida bajaradigan kichik konsaltinglar mavjud. Faqat Niderlandiyaga viza uchun O‘zbekistonda vakolatxona yo‘qligi sababli, Qozog‘istonga borib olib kelganmiz.
Uber intervyulariga tayyorgarlik
Boshqa katta kompaniyalarda bo‘lgani kabi “Uber"da ham intervyular bir nechta bosqichda o‘tkaziladi:
Ariza topshirish. Dastlab kompaniya veb-saytidan o‘zingizga to‘g‘ri keladigan pozitsiyani tanlab, unga onlayn shaklda rezyume topshirasiz. So‘ng, hamma nomzodlar arizalari ko‘rib chiqiladi va qisqartirilgan ro‘yxat (shortlist) tuziladi. Keyin, shu kompaniyada ishlaydigan xodimdan referal olish (u sizni kompaniyaga tavsiya qiladi) kerak, bu bosqichdan o‘tish ehtimolini oshirishi ham mumkin.
Dastlabki skrining. Bunda onlayn platformada bir qancha savollarga javob berish, algoritmik masalani yechish so‘raladi.
Video-intervyu. Kompaniya turiga qarab intervyuning bu shakli bo‘lish yoki bo‘lmasligi aniqlanadi. Bu intervyuda asosan tajriba va oldingi ish joyingizdagi qilgan loyihalaringiz haqida so‘raladi, shuningdek kompaniya madaniyati (culture)ga qanchalik mosligingiz tekshiriladi.
Texnik intervyu. Tanlangan pozitsiyadan kelib chiqib, 1−2 ta texnik intervyular ham bo‘lishi mumkin. Bunda algoritmik yoki tizim dizayni borasida savollar beriladi. Suhbat ikkala tarafning o‘zini tanishtirishi bilan boshlanadi va 1 soatgacha davom etadi. Odatda intervyu oluvchi birinchi o‘zini tanishtiradi va keyin TMAY (tell me about yourself) shaklida savol beradi. Men quyidagi shablondan foydalanganman:
- Thank you for taking the time to talk to me!
- My name is X, I am from Y and I have Z years of experience as a software developer.
- For most of my career, I worked for companies that built products for the X industry.
- I began my professional journey as a software developer at X company, where I gained valuable experience in Y.
- After that, I joined a X company that builds services for Y.
- In my current position, I’m working on X.
- When I’m not at work, I like to do X, Y and Z.
- Happy to be here!
Tanishib olgandan so‘ng ishlagan loyihalaringiz, jamoada necha kishi bo‘lgani va sizning loyihadagi vazifalaringiz, ish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch kelganingiz yoki hamkasblaringiz bilan qandaydir raqobatdosh holatlar yuzaga kelgani, uni qanday hal qilishingiz haqida savollar berishi mumkin. Masalan:
- Tell me about your current project.
- Could you describe the most challenging or interesting task you’ve ever completed?
- What’s good and bad about your current company?
- Tell me about a time you had a difficult manager. Why was it difficult? How did you handle that situation?
- What are you most proud of?
Shu kabi savollarga javoblarni oldindan tayyorlab qo‘yish maqsadga muvofiq, chunki bundan tejab qolingan soniyalarni masala yechish paytida ishlatish mumkin. Shuningdek, “behavioral” savollarga STAR-metodi orqali javob berish tavsiya qilinadi.
Virtual intervyu. Texnik intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, virtual intervyuga taklif qilinasiz, ya’ni texnik intervyuga o‘xshash bo‘ladi. Faqat bu safar ketma-ket 4tadan 6tagacha intervyular bo‘lib, sizda ularni bir necha kunga bo‘lish imkoniyati bor.
COVID’dan oldin bu suhbatlar uchun nomzodlar kompaniya ofislariga taklif qilingan va barcha xarajatlar qoplab berilgan, lekin COVID sababli hammasi o‘zgardi. Bu suhbatda yana “coding”, “system design” va “behavioral” savollar ham so‘raladi.
Taklif xati. Uzoq va mashaqqatli intervyulardan keyin va nihoyat kompaniya sizga ish taklif qiladi va odatda HR-xodimi siz bilan oylik va bonuslar haqida taxminiy raqamlarni bo‘lishadi.
Kompaniya beradigan maosh va bonuslar
“Google”, “Apple”, “Amazon” va “Meta” kabi kompaniyalar xodimlari uchun juda “saxiy” shartnomalar taklif qilishlari bilan mashhur. Gap aniq raqamlar haqida ketganda bu juda ko‘plab faktorlarga bog‘liq: ish tajribangiz, intervyulardagi ko‘rsatkichlaringiz va boshqalar. Bundan tashqari siz taklif olganingizdan keyin muzokaralar orqali bu raqamlarni yana ham yaxshilab olishingiz mumkin.
Kompaniyalardagi maoshlar quyidagilarga qarab belgilanadi:
1. Base Salary — bu asosiy ish haqi, odatda shartnomada soliq to‘lashdan oldingi yillik summa ko‘rsatiladi. Aynan shu summani 12ga bo‘lish orqali har oy qancha to‘lanishini bilib olish mumkin. Masalan, levels.fyi'ga ko‘ra “Uber"ning Amsterdamdagi L4 — mening pozitsiyam uchun yiliga $102747 to‘laydi.
2. Equity — bu ishga kirayotgan kompaniya aksiyalaridan olinadigan ulush. Bu xodimlarni o‘z ishi va kompaniya kelajagi haqida biroz ko‘proq qayg‘urishga undaydi, ya’ni quyidagi formula: yaxshi ishlang, natijada kompaniyaning qiymati oshadi va sizning daromadingiz o‘sadi.
Foto: shaxsiy arxiv
Shuningdek, “Uber” xodimlariga bir qancha bonuslar ham taqdim etadi:
- eng so‘nggi MacBook, qo‘l telefoni va ularni har yili yangisiga almashtirish imkoniyati, agarda qo‘shimcha qurilmalar zarur bo‘lsa, kiritib o‘tish kerak;
- agarda kompaniya telefonidan foydalanishni xohlamasangiz, unda sizga oyiga $60 qo‘shimcha berishadi, bu pulga bemalol bo‘lib to‘lashga yangi telefon sotib olish mumkin;
- mobil aloqa, sport va ishga qatnash (jamoat transporti va shaxsiy avtomobilda) xarajatlari qoplab beriladi. Sport va fitnesga qatnamaydiganlar uchun har oy taxminan $70dan “Uber” hisobingizda yig‘ilib boradi va uni uydagi ofisingiz uchun texnikaga yoki uyda shug‘ullanish uchun trenajyor, hatto kommunal to‘lovlar uchun ham sarflasangiz bo‘ladi;
- ofisda tekin nonushta va tushlik;
- Sietl (Seattle, US)ga yiliga 1 marotaba xizmat safari;
- 1,5 yildan so‘ng Amerikadagi ofisga ko‘chish imkoniyati;
- siz va oila a’zolaringiz uchun tibbiy, sayohat va hayot sug‘urtasi;
- 30 kunlik ta’til;
- moslashuvchan ish vaqti va 50% uydan ishlash mumkinligi. Hech kim sizdan 09:00dan 18:00gacha ofisda bo‘lishni talab qilmaydi, faqatgina tegishli ishni bajarish so‘raladi va vaqtini ham o‘zingiz tanlaysiz;
- kasallik ta’tillari;
- “Uber"dan har oy taksi va ovqat buyurtma berish uchun 350 yevro, servislari uchun 17% chegirma;
- yiliga 4 hafta davomida dunyoning xohlagan joyidan turib ishlash imkoniyati;
- 18 haftalik otalik yoki onalik ta’tili;
- shu bilan birga, eng boshida ishga kelishingiz oldidan, boshqa davlatdan ko‘chib kelishga bonus beradi. Menga $13 ming berilgandi.
Amsterdamdagi hayot
Bu shaharga kelganimiz (oilaviy)ga 8 oy bo‘lgan bo‘lsa, moslashish jarayonida qiyinchilikka deyarli duch kelmadik. Bu yerning odamlari muhojirlarni yaxshi qabul qilishadi, shuningdek, tinch, yashash uchun qulay hamda xavfsiz shahar hisoblanadi.
Shuningdek, odamlar asosan yo‘l qatnoviga velosipeddan foydalanishadi va bu ularda odatiy hol hisoblanadi. Tezda moslashib keta olishning yana bir sababi, aholining 90%i ingliz tilida muloqot qiladi. Ayrim davlatlardagi singari o‘z ona tilida gapirishni talab qilmaydi.
“Uber"dagi “TakeYourKidToWorkDay2024"da oilaviy ishtirok. Foto: shaxsiy arxiv
Oylik xarajatlar. Amsterdam boshqa shaharlarga qaraganda ancha qimmat. Bu yerda uy sotib olish, ijara masalasi dolzarb va asosiy xarajat turiga kiradi. Hozirda yashayotgan 3 xonali, to‘liq jihozlangan uyni oyiga 2000 yevrodan ijaraga olganman. Fikrimcha, bu yerda uy biznesi bilan savdo qiladiganlar yuqori daromadga ega bo‘lishsa kerak.
Oziq-ovqatga esa oyiga taxminan 500 yevrodan boshlab sarflayman. Shuningdek, transportda harakatlanish ham qimmat turadi. Boshida kelganimda 3−4 oy ishga velosipedda qatnaganman.
Hozirda transportda borib kelishimga oyiga 80 yevro ketadi. Madaniy hordiq olish uchun shaharda muzeylar juda ko‘p. Ularga kirish uchun muzey karta sini xarid qilish kerak va uning narxi 1 yillik obuna uchun 75 yevroni tashkil etadi.
Foto: shaxsiy arxiv
Xatolar va xulosalar. Bugungacha bo‘lgan faoliyatimda ishga kirganim uchun afsuslangan kompaniyalarim ham bo‘lgan. Bundan chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, kompaniyalar bizga faqatgina qilayotgan ishimiz uchun maosh to‘laydi, bundan ortig‘i emas.
Eng boshida yaxshiroq kompaniyadan ish taklifi tushganda, hozirgi joyimni tashlab ketishga ikkilanardim. Bu yerni yaratib bergan sharoitlarini o‘ylab ularga yon bosardim va bu mening xatoyim bo‘lgan.
Agar qaysidir nufuzli kompaniyadan ish taklifi kelsa uzoq o‘ylab o‘tirmaslik kerak, chunki ular ham siz haqingizda o‘ylab o‘tirmaydi. Ya’ni, vaqti kelib loyihangizda muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, sizni oldingi ijobiy harakatlaringizga qaramasdan ishdan bo‘shatib yuborishlari mumkin, bu jarayon faoliyatimda bo‘lgan.
Shu bilan birga ingliz tilini ertaroq o‘rganmaganim ham ba’zi paytlarda pand bergan. Til bilish har bitta sohaning bir qanoti sanaladi.
Kelajakdagi rejalar. Kelgusi rejalarim o‘z ustimda ishlab, karyeramda yaxshi natijalar ko‘rsatish, “Uber"da yagi loyihalarda faol ishtirok etishdan iborat. Shuningdek, imkoni boricha ko‘proq Yevropa davlatlariga sayohat qilishni ham maqsad qildim.
Blits savol: agar dasturchi bo‘lmaganingizda kim bo‘lardingiz?
Javob: Matematika fanidan tayyorlov darslari olib boruvchi/o‘qituvchi bo‘lardim.