O‘zbekistonda fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkin. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Germaniyada bo‘lib, 32ta yirik ish beruvchilar bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda vaqtincha xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni Yevropaning rivojlangan davlatiga ishga yuborish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi.
Germaniyada tashqi ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotgani va hisob-kitoblarga ko‘ra yuk mashinasi haydovchisi, hamshiralik, mexatronika, sanoat, gastronomiya, yo‘l qurilishi kabi sohalarda 130 mingdan ortiq ishchi yetishmayotgani qayd etildi.
Mamlakat talabidan kelib chiqib fuqarolarga nemis tilini o‘rgatish uchun shart-sharoitlar yaratish, kasb-hunarga o‘qitishning nemis modelini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusi bildirildi.
Talab yuqori bo‘lgan mexatronika, logistika, elektrotexnika, santexnika, mashinasozlik, ishlab chiqarish, qurilish, mehmonxona va restoran biznesi kabi 20ga yaqin soha bo‘yicha o‘qituvchi va trenerlarni tayyorlash taklif etildi.
Aprel oyida hukumatning yoshlarni kasb va chet tillariga o‘qitish tizimini yaxshilashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Hujjat bilan o‘quv kurslari tashkil etiladigan kollejlar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda jami 27ta ta’lim muassasasi mavjud.