Avvalroq adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida yangi tartib o‘rnatiladi.
Joriy yilning 1-iyulidan Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini DXM orqali rasmiylashtirishda kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir amaldagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn davlat reyestriga kiritish va bu haqida ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi.
Noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.
2024-yil yakunigacha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi. Bunda fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi.
Fuqarolar tomonidan davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish bepul asosda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilib, o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab — litsey — texnikum — universitet” tizimini joriy etiladi.
Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylari tashkil etiladi. Bitiruvchilar “yurisprudensiya” yo‘nalishidagi OTMlarga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilinadi.
Adliya vazirligi huzurida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti tashkil etiladi.
Avvalroq vazirlik tomonidan Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasida jismoniy shaxsni Face-IDdan identifikatsiya qilish tizimi joriy etildi.