Avvalroq adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, aholi va tadbirkorlarning intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida 2024-yilning 1-iyulidan elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.
Intellektual mulk obyekti ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi QR-kod bilan muhofazalangan elektron hujjat berish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligiga intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan belgilangan tartibda xulosa berish huquqi berildi.
Kontrafakt mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish holatlarini aniqlash bo‘yicha maxsus vakolatli organlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish va aniqlangan kontrafakt mahsulotlarni olib qo‘yish va yo‘q qilishga vakolatli bo‘ladi.
intellektual mulk sohasidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarni vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirish.
2025-yildan Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi. U o‘z ichiga jismoniy shaxslarning fuqarolik holati va shaxsiga doir ma’lumotlarni oladi.
Aholining yagona elektron reyestri O‘zbekiston fuqarolari, doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari yagona elektron bazasi hisoblanadi.
Reyestr davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa ommaviy xizmatlarni ko‘rsatishda reyestrdan foydalaniladi.
Shuningdek, mazkur reyestr Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan yuritiladi.
Farmon bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID usuli joriy qilinadi. Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish uchun pul undirilmaydi.