24-may kuni “Yer qa’ridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi negizida hukumat huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi tashkil etiladi.
Qo‘mita atom energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Inspeksiya yer qa’ridan foydalanish va muhofaza qilish sohasida davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
2024-yilning 1-dekabrigacha xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilgan holda qo‘mita faoliyatini rivojlangan davlatlarning sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, liftlar va istirohat bog‘lari attraksionlari xavfsizligini nazorat qilish sohasidagi tajribasi asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar hukumatga kiritiladi.
Qo‘mita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan budjetdan tashqari Sanoat xavfsizligi sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Davlat budjeti va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘mita huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasi faoliyatini 2024−2026 yillarda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Aprel oyi oxirida “Rosatom” va “O‘zatom” O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha shartnoma tayyorlayotgani ma’lum qilingandi. Rossiya tomoni ham kam quvvatli atom elektr stansiyalari loyihalarini taklif qilishga tayyor.