27-may kuni o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin qo‘shma bayonot imzoladilar.
Davlat rahbarlari huzurida muhim ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, bular:
- O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
- O‘zbekiston metrologiya sohasida texnik ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- Aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida ilmiy texnologiyalar sohasida qo‘shma tanlovlar o‘tkazish to‘g‘risida bitim;
- Baliqchilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida hamkorlik dasturi;
- 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi;
- O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
- O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida 2024−2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari rejasi;
- O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi hamda Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligining Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati o‘rtasida fitosanitariya sohasida raqamli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan karantin va o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
- O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida “N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat budjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida memorandum;
- O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida sog‘liqni saqlashni tashkil etish masalalari bo‘yicha; tibbiyot maqsadidagi dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va yuqori texnologik davolash usullarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnomalar;
- O‘zbekiston hududida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar;
- Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish to‘g‘risida bitim;
- transport mashinasozligi, fuqarolik aviatsiyasi tizimlari sanoatini rivojlantirish, turizm almashinuvini oshirish, Toshkentda gumanitar loyihalarni amalga oshirish, agrologistika markazlari va zamonaviy kimyo quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hujjatlar.
“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi Shavkat Mirziyoyev OAV vakillariga bergan bayonotida.
Mamlakat bilan 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb $45 mlrdni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida $20 mlrdlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Avvalroq Rossiya O‘zbekistonda umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan kichik atom elektr stansiyasini qurishi mumkin. Bosimli suv reaktori negizida har biri 55 MVt quvvatga ega oltita energoblok qurish rejalashtirilgan.