Yevropa Komissiyasi Amerikaning “Mondelez” qandolatchilik kompaniyasiga 337,5 mln yevro miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda “vc.ru” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, jarima qandolatchilik kompaniyasi shokolad bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani va mahsulot narxini oshirib yuborgani uchun solingan.

Ta’kidlanishicha, qoidabuzarlik Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida shokolad, pechene va kofe mahsulotlari savdosiga tegishli.

Yevropa Komissiyasi 2015-yildan 2019-yilgacha “Mondelez"ni tekshirdi va Yevropa monopoliyaga qarshi qoidalarni buzadigan biznes amaliyotidan qasddan foydalanish bo‘yicha 22ta holatni aniqladi.

Misol uchun, kompaniya distribyutorlarni cheklab, shokoladning transchegaraviy yetkazib berilishini to‘sib qo‘ydi va mahsulotlarni qimmatroq bozorlarda — Belgiya, Lyuksemburg, Germaniyada yuqori narxlarda sotdi. Yoki uni eksportga qimmatroq sotishni talab qildi.

“Yevropa mamlakatlari o‘rtasida shirinliklar narxi 10−40% ga farq qilishi mumkin. Shu bilan birga, tovarlarning chegara orqali erkin harakatlanishi narxlarni tenglashtirishga olib keladi”, deya qo‘shimcha qildi Yevrokomissiya.

“Mondeles” tergov davomida komissiya bilan hamkorlik qilgan, shuning uchun jarima 15%ga kamaytirildi.

Korporatsiya 150 ta davlatda faoliyat yuritadi va “Alpen Gold”, “Milka”, “Picnic”, “Jacobs”, “Carte Noire”, “Oreo”, “Toblerone” va boshqa brendlarga ega.


Avvalroq “Spot” Yevrokomissiya “Apple”, “Meta” va “Alphabet"ni tekshirishni boshlagani haqida yozgandi.

Tergov ularning Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun talablariga to‘liq rioya qilmayotganligi sababi bilan o‘tkaziladi.