Istiqbolli loyihalar milliy agentligi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2019-yilda tasdiqlangan sug‘urta tarifi miqdorini qayta ko‘rib chiqishga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda.
Sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlari vaqtida to‘lanmayotganligi va to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli emasligi bo‘yicha avtomobil egalarining murojaatlari soni ortib bormoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetmasligi sabab, turli xil yo‘llar bilan to‘lovlar kechiktirib kelinmoqda.
2023-yilda Toshkent shahrida zararlilik darajasi 146%ni tashkil etgan. Barqaror belgilangan 40 mln so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarlicha qoplashga imkon bermaydi.
Bundan tashqari, mamlakatda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti hozirda yaqin qo‘shni va chet el davlatlari bilan taqqoslaganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi.
Asosli hisob-kitoblar natijasida, avtomobillar egalari va sug‘urta tashkilotlari uchun maqbul sug‘urta tariflari va sug‘urta summasini belgilash rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha taklif va mulohazalarni Napp_connect_bot “Telegram"-botiga jo‘natish mumkin.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “New Life Sug‘urta” kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi. Agentlik kompaniya ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi kerakligini qayd etdi.
Avvalroq kripto-aktivlar aylanmasi budjetga qancha mablag‘ keltirgani ma’lum qilingandi. 2022-yildan bugungi kungacha mazkur soha ishtirokchilari tomonidan budjetga 40 mlrd so‘mdan ortiq tushum bo‘lgan.