Avvalroq Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini yaxshilash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi.
Hujjat bilan, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy til bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlarning talab etiladigan darajalari belgilandi.
Xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat kamida C1 darajasida bo‘lishi kerak.
Gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha kamida B2 darajasida belgilandi.
Shuningdek, boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) bo‘yicha kamida B1 darajasida talab etiladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Unda mazkur masala ham muhokama qilingandi.
Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov magistraturaga kirishda ayrim yo‘nalishlar uchun xorijiy tilni bilish sertifikati bekor qilinishini ma’lum qildi. Undan keyin, ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinishi aytilgandi.
Fevral oyida davlat rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqishni topshirdi. Ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlari belgilanadi.
Bundan tashqari, bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40%ga qisqartirish, bu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.