1-iyundan bir kub metr metan gazning eng baland narxi 3750 so‘m qilib belgilanmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

25-may kuni hukumatning metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddatini uzaytirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, AGTKShlarda tabiiy gazni sotishda tegishli qaror bilan uning eng baland chakana narxi 1-avgustgacha bir kub metr uchun 3750 so‘m qilib belgilanmoqda.

Ya’ni, 1-iyundan yakuniga yetishi kerak bo‘lgan eng baland chakana narx uchun belgilangan muddat yana ikki oy davomida ayrim o‘zgartishlar bilan amal qiladi.

Bunda avvalgi narx 1-aprelgacha 3250 so‘mni, 1-iyungacha esa 3350 so‘mni tashkil etgandi.

1-iyundan AGTKShlarga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshiriladi. 2025-yilning 1-aprelidan esa AGTKShlar uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib beriladi.


Avvalroq “Spot” Namanganda xavfsizlik choralarini ko‘rmagan 2ta metan “zapravka” gazdan vaqtincha ajratilgani haqida yozgandi.