24-may kuni tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasi asosida belgilangan tartibda joriy etiladi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari “B” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:
- “AAA” toifa — amaldagi miqdorning 100%i;
- “AA” toifa — amaldagi miqdorning 90%i;
- “A” toifa — amaldagi miqdorning 80%i;
- “BBB” toifa — amaldagi miqdorning 70%i;
- “BB” toifa — amaldagi miqdorning 60%i;
- “B” toifa — amaldagi miqdorning 50%i.
Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan hamda prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.
Tadbirkorlarning reyting darajasi pasaysa, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi.
Yuqorilaganda esa, qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.
2025-yildan subsidiya.mf.uz platformasida alohida reyestr yuritiladi. U o‘z ichiga tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini qamrab oladi.
Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib, mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.
Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23ta mezon, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.
2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etilishi belgilangan.