Rossiya O‘zbekistonda umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan kichik atom elektr stansiyasini qurishi mumkin. Bu haqda Rossiya hukumatining huquqiy hujjatlar portalida 22-maydagi tegishli qaror e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2018-yil 7-sentabrda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan respublika hududida kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
“Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston hududida har bir energiya blokining o‘rnatilgan quvvati 55 MVt gacha bo‘lgan Rossiya loyihasi bo‘yicha suv-suv energetika reaktori asosida har biri 6 tagacha energiya bloklarini loyihalash, qurish, ishga tushirish, ishlatish va foydalanishdan chiqarish bo‘yicha hamkorlik qiladilar”, deyiladi hujjatda.
Ayni paytda “Rosatom” Yoqutistonda 60 yil xizmat qilish muddatiga ega RITM-200N reaktoriga ega “dunyodagi birinchi” kam quvvatli yer usti atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xuddi shunday loyihani amalga oshirmoqda. Loyiha 2028-yilda yakunlanadi.
“Sputnik” O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangani haqida yozdi.
“Bugun imzolangan protokol O‘zbekistonda rus texnologiyalaridan foydalangan holda kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish imkoniyatini ochib beradi, bu esa, ta’kidlayman, xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha eng qat’iy talablarga javob beradi”, dedi Vladimir Putin (“Sputnik” keltirgan iqtibos).
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga davlat tashrifi arafasida AES bo‘yicha bosh shartnoma parametrlari kelishilganligi, shuningdek, O‘zbekistonda kichik modulli reaktorlar qurish masalalari ishlab chiqilganligi haqida xabar berilgan edi.
2018-yilda O‘zbekiston va Rossiya atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Erishilgan kelishuv shartlariga ko‘ra, “Rostatom” har biri 1,2 GVt quvvatga ega ikkita blokni quradi. Maydon Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li bo‘yida joylashgan.
Qurilish taxminan 6 yil davom etadi. O‘zbekiston elektr defitsitini qoplash va gazni tejash uchun atom elektr stansiyalaridan foydalanishga umid qilmoqda. Mamlakat uran ishlab chiqaruvchi 5ta davlatdan biri bo‘lganligi sababli, loyiha uchun yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar kutilmaydi.