2024/2025 o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilishda imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi. Bu haqda 24-may kuni prezident tomonidan qabul qilingan farmonda belgilangan.
Biroq, bu kasb-hunar maktabi uchun amal qilmaydi. Mazkur tamoyil asosida abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra, testdan to‘plagan bali bilan dastlab bakalavriaturaga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyungacha test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, imtihonni topshiradigan davlat OTMini tanlaydi.
Bunda bakalavriatura bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan tasdiqlanadi.
Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
2025/2026 o‘quv yili qabulidan fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul milliy yoki xalqaro til sertifikati asosida amalga oshiriladi.
Barcha davlat kollej va texnikumlariga “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida qabul qilishda abituriyentlar kollej va texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlarga qabul natijasi e’lon qilingach, 10 kun ichida tanlaydi.
Imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
Alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozga ega abituriyentlar ular uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, tanlagan birinchi bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.
Bundan nogironligi bo‘lgan, “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, SOS bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylarining bitiruvchilari bo‘lgan yetim bolalar, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (25 yoshga to‘lmagan) mustasno.
Alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashib, talabalikka tavsiya etilmaganlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
Xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavr yo‘nalishlariga imtihonsiz qo‘shimcha grant asosida qabul qilinadi. Bunda sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishi kerak.
Imtiyoz bilan grant asosida talabalikka tavsiya etilganlar bu imtiyozdan takror foydalana olishmaydi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’limning tegishli bosqichiga grantga o‘qishga qabul qilingan talabaga ikkinchi marta ta’limning bu bosqichi uchun davlat granti ajratilmaydi.
OTMlar, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari hamda harbiy-akademik litseylarga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning yagona bazasi har yili 1-iyungacha Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus axborot tizimiga kiritish orqali shakllantirib boriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi har yili 1-iyungacha nogironligi bo‘lganlar, jumladan ko‘zi ojizlarning ma’lumotlar bazasini nogironlik guruhini aniq ko‘rsatgan holda shakllantiradi. Uni agentlikning axborot tizimi bilan integratsiya qiladi.
2024-yil yakunigacha mehnat bozorida o‘z ahamiyatini yo‘qotib boradigan va yangi paydo bo‘ladigan kasblar (lavozimlar) ro‘yxati, ularga qo‘yiladigan malaka talablari va kompetensiyalar shakllantiriladi.
2025-yilning 1-mayigacha jamlangan ma’lumotlar asosida “O‘zbekiston yangi kasblar atlasi” elektron platformasi yaratilib, har yili yangilab boriladi.
“Avval test, so‘ng tanlov” tamoyilini joriy etish prezidentning 2023-yil iyuldagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilishga qaratilgan qarori bilan belgilab qo‘yilgan.
May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Unda joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.