18-may kuni hukumatning “Tamaki mahsulotlari uchun texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, sigaretalar uchun texnik reglament tasdiqlandi. Mazkur reglament 2025-yildan kuchga kiradi.
Xususan, reglament o‘z ichiga eksport qilishga yoki mamlakat hududi orqali tranzit uchun mo‘ljallangan, yuridik shaxslar tomonidan ko‘rgazmali namunalar, sinovlar uchun namunalar sifatida sotish maqsadisiz olib kirilganlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar, jumladan, chet el fuqarolari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish va keyinchalik sotish maqsadisiz olib kirilgan tamaki mahsulotlari va tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalariga nisbatan ham qo‘llanilmaydi.
Texnik reglament xom ashyo va ingredientlar, tashish va saqlash, ishlab chiqarish, qadoqlash hamda tibbiy ogohlantirishlarga talablarni belgilaydi.
Hujjat tamaki mahsulotlari uchun kimyoviy va mikrobiologik moddalar miqdorining yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajalarini belgilab beradi.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarining o‘ramida joylashtiriladigan tibbiy ogohlantirishlar namunalari tasdiqlanmoqda.
2023-yilning may oyida prezident alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklashga qaratilgan qonunni imzoladi. Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bog‘liq munosabatlar hamda mas’ullarning vakolatlari belgilandi.
Joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.