Joriy yilning birinchi choragida imtiyozli ta’lim kreditlari uchun 183,8 mlrd so‘m ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur kreditlar bilan jami 22 151 nafar talaba qamrab olingan bo‘lib, shundan 80%ini xotin-qizlar tashkil etadi.

Xususan, o‘tgan davrda 7 830 nafar talaba xotin-qizlar imtiyozli ta’lim kreditlaridan foydalangan.

Talim-krediti.mf.uz platformasida ta’lim krediti ajratilgan 141 ming nafar talabaning elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.

Bu Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda xizmat ko‘rsatuvchi banklarning 6tasi bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi orqali ta’minlandi.

Tijorat banklari kesimidagi batafsil ma’lumotlar bilan infografika orqali tanishishingiz mumkin.

Birinchi chorakda banklar tomonidan ajratilgan imtiyozli ta’lim kreditlar bo‘yicha yetakchilikni “Mikrokreditbank” egalladi.

iqtisodiyot va moliya vazirligi, ta'lim krediti

Bank tomonidan jami 72,3 mlrd so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, shundan 57,8 mlrdi xotin-qizlarga yo‘naltirilgan foizsiz ta’lim kreditlaridir.

Undan keyingi o‘rinlarda “Aloqabank” (21,3 mlrd so‘m) hamda “Xalq banki” (18,4 mlrd so‘m) turibdi.

Avvalroq prezident farmoni bilan talaba va o‘quvchilarga ta’lim kreditlari ajratish tartibi o‘zgartirilgandi. Endi ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.