Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi “International” mehmonxonasini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.
“InterHotel” MChJdagi 100% davlat ulushi savdoga chiqariladi. Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida “Deloitte” kompaniyasi jalb etilgan.
Mehmonxona 232ta xona, 7ta konferensiya zali, 2ta restoran, barlar, yozgi terrasa, fitnes-klub va basseynni o‘z ichiga oladi.
Uning umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etado, 44,903 kvadrat metrida esa bino va inshootlar joylashgan.
Jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.
Savdo jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi: sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest), Majburiyatga ega bo‘lmagan taklif (NBO) hamda Majburiyatga ega bo‘lgan taklif (BO) bosqichlari.
Yakuniy bosqichda taklif etiladigan qat’iy narx taklifining kamida 1%ini kafolatli to‘lov sifatida amalga oshrilishi belgilanadi.
Sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish bosqichida quyidagi ma’lumotlarni taqdim etish kerak:
- ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot (STIR va faoliyat turi);
- ustav kapitalida 5%dan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ta'sischilar (egalik ulushi ko‘rsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risida ma’lumotlar;
- oxirgi 3 yilgi faoliyati bo‘yicha moliyaviy hisoboti (MHXS afzalroq).
Arizalarni joriy yilning 4-iyul kuni, soat 18:00gacha jmamadjanov@deloitte.uz elektron pochta manziliga yuborish lozim. Ariza ishtirokchi xohishiga ko‘ra o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida jo‘natilishi mumkin.
Arizalarni qabul qilish tugagach, “Deloitte” tomonidan ishtirokchilarga tegishli xat orqali keyingi jarayonni tashkil etish to‘g‘risida individual ravishda xabardor qilinadi.
Avvalroq “Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgani haqida xabar berilgandi. Davaktiv agentligi kompaniyaning yangi ustavini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hozirda aksiyalarning birlamchi chiqarilishi ustida ish olib borilmoqda.