Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, inspeksiyaning mansabdor shaxslari davlat nazoratini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
- inspeksiyaning nazorati ostidagi obyektlarga to‘sqinliksiz kirish;
- tog‘-kon, metallurgiya, geologiya hamda yer qa’ridan foydalanish, neft va gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, uglevodorod xomashyosini qazib olish (konchilik) va qayta ishlash ishlari, portlatish ishlarini bajarishda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini va yer osti suvlaridan foydalanilishini nazorat qilish;
- yer qa’ridan oqilona foydalanish hamda sanoat xavfsizligi talablariga amal qilmasdan olib borilayotgan yoki baxtsiz hodisa va avariya sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ishlarni to‘xtatib turish;
- normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish.
2024-yilning 1-oktabridan fuqarolar yer qa’ridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlar uchun pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Bunda huquqbuzarlikka oid materiallar Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining axborot tizimi orqali qabul qilinadi. Huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash inspeksiya so‘rovi bilan IIO tomonidan amalga oshiriladi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining rasmiy saytida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xizmat ko‘rsatish bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha “Geomonitoring” axborot tizimi ishga tushiriliadi.
Uning doirasida “Kon-geologiya xizmatlari” moduli joriy etilib, sohada faoliyat yurituvchi yuridik va jismoniy shaxslarning reytingi yuritiladi.
Kavlab olingan foydali qazilmalar hajmi to‘g‘risidagi elektron hisobotlarni tizimlar orqali tasdiqlashga faqat modulda reytingi yuritiladigan marksheyderlik faoliyatini yurituvchi tashkilotlarga ruxsat etiladi.
Qattiq foydali qazilmalar konlari va istiqbolli uchastkalarini o‘rganish yuzasidan monitoring inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunchilik talablarini buzgan, kavlab olingan foydali qazilmalar hajmiga oid ma’lumotlarni soxtalashtirgan yer qa’ridan foydalanuvchilar va marksheyderlik tashkilotlari, ularning rahbarlari va ta’sischilariga nisbatan Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzuvchilar reyestri yuritiladi va modulda joylashtirib boriladi.
Reyestrga kiritilgan tashkilotlar unga kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida qonunchilikni buzish va ma’lumotlarni soxtalashtirishga qayta yo‘l qo‘ymasa, ularga oid ma’lumotlar reyestrdan chiqariladi.
Avvalroq hukumat huzurida Atom energiyasi agentligi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. “O‘zatom” negizida tashkil etilgan mazkur agentlik atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.