Tez orada “Ozon” marketleysida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari sotuvi boshlanadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin dushanba kuni O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda o‘zbekistonlik sotuvchilar tomonidan Rossiyaning “Wildberries” onlayn-platformasida sotilgan mahsulotlarning umumiy hajmi 93%ga o‘sib, $418 mlnni tashkil etgan. Kelajakda tovar aylanmasi $1 mlrdgacha yetadi.
“Yaqin kelajakda O‘zbekiston yetkazib beruvchilari Rossiyaning yana bir yirik bozori — “Ozon"ga kirishlari mumkin”, — dedi Vladimir Putin.
“Ozon” matbuot xizmati “Spot” so‘roviga javoban Rossiya prezidentining qariyb 50 mln kishilik auditoriyaga ega marketpleysda o‘zbekistonlik tadbirkorlar tovarlari “tez orada” sotila boshlanishi haqidagi so‘zlarini tasdiqladi.
“Biz Toshkentda saralash markazini ishga tushirishga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘ryapmiz: bu mahalliy tadbirkorlarning marketpleysga kirishini osonlashtiradi va mijozlarimizga yanada samarali sotish imkonini beradi”, — dedi “Ozon”.
2023-yilning noyabridan “Ozon” O‘zbekistonda tovarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishni yo‘lga qo‘ydi. Buyurtmani istalgan hududdan joylashtirish va uni hamkor yetkazib berish punktida yoki O‘zbekiston pochtasi bo‘limlarida qabul qilish mumkin.
2024-yildan boshlab marketpleys o‘zining logistika infratuzilmasini rivojlantirish, omborlar va yetkazib berish xizmatlarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Aprel oyida Savdo-sanoat palatasi va “Ozon” kompaniyasi Rossiyada O‘zbekiston tovarlari uchun shourumlar ochishga kelishib oldi. U orqali Rossiya bozorida qurilish materiallari, elektotexnika, to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish etish kutilmoqda.
Avvalroq “Wildberries” O‘zbekistonda bank ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.