“Metrovagonmash” 2026-yilgacha Toshkent metropoliteniga 72ta harakatlanuvchi tarkib yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov o‘zining “Telegram"-kanalida ma’lum qildi.
Iyun oyida Rossiyadan poytaxt metrosiga 12ta vagon jo‘natilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, “Metrovagonmash” 2024−2025 yillarda O‘zbekistonga 60 dona harakatlanuvchi tarkib yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tayyorlamoqda.
Moskva yaqinida joylashgan korxona mamlakatda bolalar uchun quruq sut aralashmalari ishlab chiqaradigan birinchi zavodni ochish niyatida. “Shelkovo Agroxim” Samarqandda don va dukkakli ekinlar seleksiya-genetik markazini tashkil etadi va o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha o‘zining ixtisoslashtirilgan dorixona chakana savdosini yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, Moskva viloyatida avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat parklari o‘rtasida tajriba almashish hamda korxonalar uchun qo‘shma kadrlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.
2022-yilning avgust oyida 56ta vagondan iborat qo‘shimcha 14ta poyezd sotib olish rejalari ma’lum qilindi. Poytaxt metropoliteni bosh mutaxassisi Abdutohir Abduqodirov bu poyezdlar orasidagi intervallarni qisqartirishini ta’kidladi.
“Transmashxolding” bosh direktori Kirill Lipa 2023-yilning aprelida o‘tkazilgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida Toshkent metropoliteni bilan 50dan ortiq metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilganini tasdiqladi.
O‘tgan yilning oktabr oyida O‘zbekiston Transport vazirligi yangi vagonlarning birinchi partiyasi Toshkentga ikki oy ichida yetib kelishi kerakligini ma’lum qilgandi.