Savdo-sanoat palatasi Germaniya biznes vakillari bilan ishlash uchun menejerlarni tayyorlashga qaratilgan tanlovga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligining O‘zbekiston bilan nemis menejerlarini tayyorlash bo‘yicha “Partnering in business with Germany” dasturi e’lon qilindi.
Dastur maqsadi O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlarini Germaniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorlash, xalqaro menejment va biznes sohasida boshqaruv vakolatlari va malakalarini oshirishga qaratilgan.
Dasturning asosiy yo‘nalishlari:
- umumiy iqtisodiyot hamkorligi;
- xom-ashyo sanoatida iqtisodiy hamkorlik;
- oziq-ovqat va Smart-Farming sanoatida iqtisodiy hamkorlik;
- sog‘liqni saqlash sohasida iqtisodiy hamkorlik.
Nomzodlar uch yildan ortiq rahbarlik lavozimida ish tajribasi, oliy ma’lumotga ega bo‘lish kerak.
Shu bilan birga, ingliz tilini bilish va germaniyalik biznes vakillari bilan hamkorlik loyihasining mavjudligi talab etiladi.
Dastur davomiyligi 8 haftani tashkil etib, shundan 6 haftasi onlayn treninglarni, qolgan 2 haftasi esa Germaniyadagi amaliyotni o‘z ichiga oladi.
Ishtirokchilar xarajatlari Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Rezyumelar joriy yilning 10-iyunigacha investment@chamber.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadi. Nomzodlar tanlov asosida saralab olinadi.
Batafsil ma’lumotlarni +998 93 233 62 33 hamda +998 90 000 26 62 raqamlaridan olish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitishning Germaniya modeli joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Mamlakat haydovchilik, hamshiralik, sanoat va gastronomiya kabi sohalardagi 130 mingdan ortiq ishchi kuchini O‘zbekistondan jalb qilmoqchi.