Hukumatning 29-may kuni qabul qilingan tegishli qarori bilan “IT Park"ning yirik rezidentlari uchun minimal eksport talablari belgilandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur talab yillik daromadi 100 mlrd so‘m bo‘lgan texnoparkning yirik rezidentlari uchun amal qiladi. Yangi chora-tadbirlar startaplar va kichik kompaniyalarga ta’sir qilmaydi, lekin belgilangan chegaraga yetgandan keyin ularni ham qamrab oladi.
Joriy yilning 1-oktabridan eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi kerak. 2026-yildan minimal daraja 20%ga, 2027-yildan esa 35%gacha oshiriladi.
Agar katta rezidentlar eksportga harakat qilmasa unda boshqa kichik rezidentlarni eksportini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga yordam berish uchun ularning o‘tkazmalari 1%ga ko‘payadi.
Prezident o‘tgan yil yakunidagi IT Park majmuasiga tashrif davomida kamida 50% eksportga ega kompaniyalar uchun 2028-yildan keyin ham imtiyozlarni uzaytirishga rozi bo‘lgandi.
“2028-yilga ham qisqa muddat qoldi, shuning uchun 2040-yilgacha shunday sharoitni saqlanishini xohlasak, bosqichma-bosqich eksportni oshirib borish ustida tinmay birgalikda harakat qilishimiz zarur”, — dedi vazir.
Shuningdek, Sherzod Shermatov yirik rezidentlarni mazkur masala bo‘yicha o‘tkaziladigan uchrashuvga taklif etmoqda.
Uchrashuv 1-iyun kuni, 12:30da “IT Park"da bo‘lib o‘tadi. Texnopark uchrashuv joyi bo‘yicha yirik rezidentlar bilan yana bog‘lanadi.
Avvalroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida birinchi IT-shaharcha qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Loyiha hududda yashil va ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam berishi kutilmoqda.