29-may kuni Toshkent metropoliteni vagon parkiga to‘rt vagonli 3ta metro poyezdlari olib kelindi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu harakat tarkiblari belgilan yo‘riqnomaga asosan, 7−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkaziladi. Undan keyin esa yo‘lovchilarga xizmat qilishni boshlaydi.
Yo‘nalishlardagi vaqt intervallarini qisqartirish maqsadida, yangi harakat tarkiblari asosan, “Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishi"da harakatga chiqariladi.
2026-yilgacha Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi Toshkent metropoliteniga 72ta vagon yetkazib berishni rejalashtirgan. Iyun oyida Rossiyadan poytaxt metrosiga 12ta vagon jo‘natilishi kutilmoqda.
2023-yilning noyabrida davlat rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o‘tganlarini yangilash zarurligi ta’kidlandi. Toshkent metropolitenini transformatsiya qilib, daromadini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yil boshida ham Toshkentga to‘rt vagonli 3ta metro poyezdi olib kelingandi. Aprel oyida ham metropolitenga to‘rt vagonli 2ta metro poyezdlari yetkazildi.