Rossiya temir yo‘l uskunalarini yetkazib berish va uni ishlab chiqarishni O‘zbekistonda mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27-may kuni ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuotga bergan izohida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tomonlar misni qayta ishlash zavodini qurish va mamlakatdagi temir rudasi koni negizida kompleks to‘liq siklli metallurgiya klasterini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ustida ishlamoqda.
“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun ikki mamlakat hududlari ishtirokida umumiy hajmi $500 mlnlik maxsus investitsiya fondi tashkil etilmoqda. Rossiya tomoni o‘z hissasini qo‘shishga tayyor, bizning ulushimiz $400 mlnni tashkil etadi”, — dedi Putin hududlari kengashining birinchi majlisida.
Rossiya prezidenti mablag‘lar ajratilib, tayyorlanganini, hozirda faqat texnik tafsilotlar qolayotganini qayd etdi. “Bu yaqin kunlarda yakunlanadi. Bular mamlakat iqtisodiyoti real sektorining turli sohalariga yo‘naltiriladigan mablag‘lardir”, — deya qayd etdi u.
Shuningdek, Rossiya va Belarusdan Hind okeani sohillarigacha bo‘lgan “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagini yaratish istiqbolli loyiha sifatida ta’kidlandi. Jumladan, yo‘nalishlardan biri O‘zbekiston hududi yaqinidan yoki uning hududidan o‘tib, mamlakatning okeanga chiqishini ta’minlaydi.
Shavkat Mirziyoyev Rossiya ishtirokidagi quyidagi yangi loyihalarni sanab o‘tdi:
- Xorazm viloyatida yuqori texnologik polimer ishlab chiqarish;
- Qoraqalpog‘istondagi metallurgiya zavodi;
- Qashqadaryo viloyatidagi gazni qayta ishlash majmuasi;
- Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi sanoat parklari.
Davlat rahbari Rossiya korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shma sanoat zonalarini ishga tushirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Imzolangan shartnomalarning umumiy hajmi $20 mlrddan oshdi.
Avvalroq 2025-yilda “Gazprom” O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni to‘rt baravarga oshirishi haqida xabar berilgandi.