29-may kuni qabul qilingan tegishli qonun bilan Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritildi.
Hujjat bilan, fiskal huquqbuzarliklar uchun realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2%i miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Oldin buning uchun realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida (100%) jarima hisoblangan.
Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida qayta sodir etilsa, oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20%i miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Ilgari bu qoida mavjud emas edi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
227−1 qanday modda?
Mazkur moddada quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:
- fiskal belgilarni aks ettirish yoki avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
- soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
- ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish.
Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof tushumga teng miqdordagi jarimaga olib keladi.
227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi.
Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektori, chakana va ulgurji savdo hamda ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.
O‘tgan yil oxirida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227−1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish (amnistiya)ni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
Fevral oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechilganini, yaxshi xabarlar bo‘lishini qayd etdi.
Undan keyin prezidentning tegishli farmoni bilan mazkur modda bilan tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorining 98%i hisobdan chiqarildi. O‘tgan davrda 1,5 ming nafar tadbirkorga 700 mlrd so‘mga yaqin jarima qo‘llanilgan.
“Spot” Soliq kodeksining biznesni “o‘ldiruvchi” 227−1-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida umumiy ovqatlanish sohasi vakillari munosabatini e’lon qilgandi.