“Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank"ga tegishli “Toshkent City” biznes markazi hududidagi yangi ko‘p qavatli binolari ommaviy savdolar orqali sotiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” binosining umumiy maydoni 82,28 kv.metr, qavatlarining umumiy soni 33tani tashkil etadi. Shuningdek, “Asakabank” binosi 66,2 kv.metr, “Aloqabank” esa 81,43 kv.metr umumiy maydonga ega. Ularning har biri 26 qavatdan iborat.
“KPMG” kompaniyasi sotish jarayonini tashkil etish bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilingan.
Kompaniya dastlabki bosqichda investorlarning aktivlarni sotib olishga bo‘lgan qiziqishlarini o‘rganadi. Agentlik esa sotuv jarayonlarini tashkillashtirishda banklar va konsultant harakatlarini muvofiqlashtiradi.
“Bozordagi ushbu Biznes markazlarini sotib olishga bo‘lgan qiziqishini o‘rganish, KPMG tomonidan Aktivlar to‘g‘risida tayyorlangan investitsion tizerlarni sohadagi investorlarga, shu jumladan xalqaro investorlarga yuborish va ular bilan individual muloqotga kirish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan”, — deydi agentlik.
Investorlar qiziqishlarini hamda sotib olish shakli — binoni to‘liq yoki lotlarga bo‘lgan holda sotib olish bo‘yicha fikrlarini o‘rganish orqali sotishga yondashuv mexanizmi ishlab chiqiladi.
Batafsil ma’lumotlarni SSandykbayeva@kpmg.com, MSarsekeyeva@kpmg.com hamda NShuxratov@kpmg.co.uz kanallari orqali olish mumkin.
Aprel oyida “O‘zsanoatqurilishbank"ning Yashnobod filiali o‘rnida 21 qavatli bino qurilishini ma’lum qilingandi. Bunga $40 mln yo‘naltirilib, 21 qavatli binoning birinchi to‘rt qavatida savdo-ko‘ngilochar kompleksi, beshinchi qavatida bank, yuqori qavatlarida esa ofis va kvartiralar joylashadi.
Avvalroq joriy yilda “Asakabank” va Biznesni rivojlantirish banki jami $3,6 mlrd jalb qilishi haqida xabar berilgandi. Mazkur banklar jami $1,2 mlrdlik 132ta investitsiya loyihasini amalga oshiradi.