Shavkat Mirziyoyev 29-may kuni “Asakabank” va Biznesni rivojlantirish bankining investitsiya faoliyati hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Asakabank” bu yil loyihalarga $2,1 mlrd jalb qilib, ularni to‘liq o‘zlashtirishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, farmatsevtika va avtomobil sanoatida jami $3 mlrdlik loyihalar shakllantirilgan.
Mazkur bank ishtirokida 285 ming aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.
Biznesni rivojlantirish banki 2024-yilda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va investitsiya loyihalariga jami $1,5 mlrd jalb qiladi. Shundan $225 mlni xalqaro moliya institutlaridan olib kelinadi.
Bu mablag‘larni o‘zlashtirish orqali yil yakunigacha jami 47 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshiriladi.
Aholining biznes g‘oyalarini moliyalashtirish orqali 380 mingta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bankning o‘qitish dasturlari bilan 70 mingdan ortiq aholi qamrab olinadi.
“Asakabank” ishtirokida $772 mlnlik 87ta, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan $485 mlnlik 45ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Prezident banklar barcha mijozlari bilan manzilli ishlab, loyihaning har bir bosqichida ko‘maklashishi zarurligini, natijada yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahallalarda kambag‘allikning qisqarishida o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Banklar o‘z ishini yangicha tashkil qilib, faqat kredit ajratadigan markaz emas, balki o‘zi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradigan va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga taqdim etadigan investitsiya-tijorat tuzilmasiga aylanishi to‘g‘riligi qayd etildi.
Taqdimotda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini raqamlashtirish va ular shaffofligini oshirish, dasturiy yechimlar va innovatsiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Avvalroq joriy yilda “O‘zmilliybank” $6 mlrdlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgani ma’lum qilingandi. “O‘zsanoatqurilishbank” xalqaro moliya bozorlaridan $3,1 mlrdlik mablag‘ jalb qiladi.