30-may kuni prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi davlat rahbari qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini uzluksiz qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Ularning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Har yili 15-iyundan ochiq muloqot o‘tkazilgungacha tadbirkorlarning murojaatlari tunu kun qabul qilinadi.
Bunda murojaatlar maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasining Call-markazi, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali qabul qilinadi.
“Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi. Qoraqalpog‘istonda 2024-yilning avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etiladi.
Joriy yil yakunigacha O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan birga “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish choralari ko‘riladi.
2023-yilning sentabrida ochiq muloqotda ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangandi. Unda 2024-yilgi muloqotni Qoraqalpog‘istonda tashkil etish masalasi berilgan.