O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda o‘tkaziladigan 14-vazirlar yig‘ilishigacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayevga tayanib, JST matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘z majburiyatlarida sobit qolmoqda va biz muhim yutuqlarga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Ishchi guruh raisi, Janubiy Koreya elchisi Yun Sung Dok “muzokaralar jadal sur’atlarda borayotganini” qayd etib, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni “yangi bosqichga ko‘tarilganini” ta’kidladi.
O‘zbekiston to‘rt davlat — Dominikan Respublikasi, Isroil, Urugvay hamda Yaponiya bilan shartnomalar imzolagan. Mamlakat ayni paytda JSTga a’zo 33ta davlat bilan faol ravishda ikki tomonlama muzokaralar olib bormoqda.
Ishchi guruh O‘zbekiston tashqi savdo rejimining turli jihatlarini muhokama qilib, “qo‘shimcha majburiyatlar"ni olishga chaqirdi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov turli sohalarda savdo rejimini JST qoidalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi, jumladan, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji, intellektual mulk huquqlari, savdodagi texnik to‘siqlarga to‘xtaldi.
Bundan tashqari, Karimov sanitariya va fitosanitariya choralari hamda savdo-sotiqni tartibga solish, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va sotish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
JSTga a’zo davlatlarga O‘zbekiston bilan bozorga chiqish bo‘yicha shartnomalar tuzish hamda joriy yilning 21-iyunigacha savollar yuborish taklif etildi. O‘z navbatida O‘zbekiston ham ularga javoblar va hujjatlarni taqdim etishi kerak.
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.
ITIMning ta’kidlashicha, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, savdo xarajatlarini kamaytiradi va aholi farovonligini oshiradi.
Fevral oyida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan tegishli qonun bilan mamlakatning 5ta qonuni JST bitimlariga uyg‘unlashirilgandi.