Kanadaning “Condor Energies” kompaniyasi Buxoro viloyatidagi “Qumli” konida uglevodorodlar (neft va gaz) qazib olishga $582 mln sarmoya kiritmoqchi. “Spot” davlat rahbari ishtirokidagi 31-may kungi loyihalar taqdimotiga e’tibor qaratdi.
Oxirgi yetti yilda viloyatga qariyb $4 mlrdlik investitsiyalar jalb etilgan. Natijada 90 mingta ish o‘rni va $1,8 mlrdlik eksport imkoniyati yaratilgan. Joriy yil viloyatda 1,3 mlrdlik 607ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Viloyatda umumiy qiymati $14 mlrdlik 80ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularni mahalliy va xorijiy investorlar amalga oshirishi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, tog‘-kon sanoati, baliqchilik kabi sohalarni qamrab olgan $4 mlrdlik 14ta loyiha taqdimoti bilan tanishdi.
Investorlar Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya va Eron kompaniyalaridir. Xususan, Xitoy kompaniyasi G‘ijduvon tumanida quvvati 600 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurishi mumkin.
Malayziyaning “Mam Minerals” kompaniyasi Peshku tumanida grafit konini o‘zlashtirish va elektroskuterlar uchun akkumulatorlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Eron kompaniyalari ishtirokida Buxoro tumanida kimyo klasterini tashkil etish rejalashtirilgan. 80ta investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida 22 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni va mahalliylashtirishni ko‘paytirish, xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Fevral oyida “Condor Energies” O‘zbekiston hukumati bilan gaz qazib olish bo‘yicha yangi shartnoma tuzdi. Kelishuv doirasida 8ta gaz kondensati konlaridan iborat klasterda yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalashtirilgandi.
Avvalroq ruxsatsiz oltin qazib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi haqida xabar berilgandi.