Joriy yilning 1-mayidan O‘zbekistonda elektr va gaz tariflari oshirilgach, iste’mol hajmi kamaygan. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xususan, may oyining 29 kunida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 324 mln kVt/soatga kam elektr energiyasi iste’mol qilingan.
Bundan tashqari, aholi o‘rtasidagi abonentlar soni 160 mingga oshgan, ishlab chiqarish korxonalari soni ham ortgan.
“Demak, abonentlar, iqtisodiyot, sanoatning ortishi bilan birga umumiy iste’molning tushgani — bu energiya tejamkorligining ta’minlanayotganligini isbotlaydi”, — dedi vazir.
Energetika vazirining qayd etishicha, elektr energiyasini ta’minlash balansida o‘tgan yilga nisbatan elektr energiyasini ishlab chiqarish oshishi bilan, unda qayta tiklanuvchi manbalar ulushi oshgan.
Quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 700 mln kVt/soatdan ortiqni tashkil etgan.
“Shu bilan birga, import qilgan elektr energiyamiz hajmi kamaydi. Ichki iste’molchilarni to‘liq ta’minlagan holda eksport qilish imkoniyati yaratildi”, — dedi u.
Bundan tashqari, tabiiy gaz iste’molchilari sonining oshishi bilan birga, may oyining 29 kunida gaz iste’moli 125 mln kub metrga kamaygan.
Kunlik iste’mol hisobidan esa issiqlik elektr stansiyalarida rejadagiga nisbatan 5−6 mln kub metr gaz hamda ko‘mir 2 barobar kam yoqilmoqda.
1-maydan iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. Bu sanagacha hisob raqamini to‘ldirganlar uchun ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Kelgusi yilning aprel oyidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.
Energetika vaziri tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidlagandi.
“Spot” fan doktori Behzod Hoshimov bilan tariflarning oshirilish sabablari, energiya tizimidagi kamchiliklar va maishiy iste’molchilarni resurslar bilan ishonchli ta’minlash uchun zarur islohotlar haqida suhbatlashgandi. U Tariflarni oshirish yechim emasligini, energetika sohasini isloh qilish zarurligini qayd etdi.
Avvalroq O‘zbekistonda energiya iste’moli reytingini joriy etish taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.