Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yerni va yer osti boyliklarini asrab qolish va muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy qazib olinishiga chek qo‘yish, bu toifadagi qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Mamlakat hududida foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz, oltin qazuvchilar usulida qazib olinishiga chek qo‘yish va bu harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Jinoyat kodeksi yangi 196−1 va 196−2-moddalari bilan to‘ldirilmoqda.
Unda foydali qazilmalarni ruxsatsiz qazib olish uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganidan so‘ng bir yil ichida takroran sodir etish jinoiy qilmish deb baholanadi. Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatsiz qazib olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur yangi normalardan kelib chiqib, bu jinoyatlarning dastlabki tergov va surishtiruv organlari tomonidan tergov qilish vakolati ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalariga berilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yer va yer osti boyliklarini asrab-avaylash va muhofaza qilish bilan bog‘liq qonunchilikning ijro etilishini ta’minlashga, sohalardagi huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq prezident noyob metallar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi kombinat tashkil etishni topshirgandi. Ko‘mir qazib chiqarish hajmini kelasi yilda 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.